Mahalliy

Toshkentda PPX inspektori 13 yoshli bolani qutqarib qoldi

Bolaning cho‘kayotganini ko‘rgan Yakkasaroy tumani post-patrul xizmati inspektori Rasul Jo‘rayev o‘zini suvga tashlab, bolani olib

Toshkentda PPX inspektori 13 yoshli bolani qutqarib qoldi

Toshkentda post-patrul xizmati (PPX) inspektori "Bo‘rijar" kanalida cho‘milayotgan 13 yoshli Muhammad G‘ayratni qutqarib qoldi. Yakkasaroy hokimi matbuot kotibining ma'lum qilishicha, ushbu voqea bugun, 6-avgust kuni sodir bo‘lgan.

Yakkasaroy tumani post-patrul xizmati inspektori Rasul Jo‘rayev bolaning cho‘kayotganini ko‘rib, darhol suvga sakragan va uni qutqarib olgan. Bu hodisa huquq-tartibot xodimining jasorati, fidoyiligi va inson hayotini saqlab qolish yo‘lidagi qahramonlik namunasi sifatida e'tirof etildi.

Qahramonlar oramizda

O‘zbekistonda bunday qahramonlik namunalari tez-tez uchrab turadi. Iyul oyida temiryo‘l xodimi A’zam Ibragimov Sergeli tumanidagi Qorasuv kanaliga tushib ketgan ikki qizni qutqargan edi. Shundan so‘ng "O‘zbekiston temir yo‘llari" ushbu xodimni mukofotlagan.

Bundan avvalroq Qashqadaryoning Kitob tumanida 9 yoshli bola velosiped uchayotganida daryoga yiqilgan. Shu atrofda yashovchi, bolaning akasi odamlarni yordamga chaqirayotganini eshitgan FVB xodimi darhol yordamga kelib, bolani suvdan chiqarib olgan.

Aprel oyida esa Namanganda FVB xodimi ishdan qaytayotganida "Katta Namangan" kanalida oqib kelayotgan uch yoshli bolani ko‘rib qolgan va uning hayotini saqlab qolgan.

Afsuski, bolalar hayotini saqlab qolish uchun qutqaruvchilar o‘z jonidan kechgan holatlar ham yo‘q emas. Shunday hodisalardan biri 2025-yil 5-may kuni sodir bo‘lgandi. Ikki nafar 8 yoshli qiz Bo‘rijar kanaliga tushib ketganiga guvoh bo‘lgan Abdumannop Samiqov ularni qutqarish uchun o‘zini suvga tashlaydi va shu atrofdagi sport majmuasi xodimining yordami bilan qizlarni qutqarib qoladi, ammo o‘zi suvdan chiqa olmaydi. Qahramon o‘limidan so‘ng "Jasorat" medali bilan taqdirlangandi.

uzbekistanpublic safetychild rescuepolice heroismdrowning preventioncanal accidentslifesavinghero awards