Mahalliy

Toshkentda me’yordan ortiq yuk ortgan haydovchidan yo‘lga yetkazgan zarari uchun 5,5 mln so‘m undirilishi belgilandi

Toshkentda yuk mashinasi haydovchisidan yo‘lga yetkazilgan zarar uchun 5,5 million so‘m undirilishi belgilandi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilgan nazorat reydi davomida Qo‘ng‘irot yo‘l-patrul xizmati maskanida ikki o‘qli yuk mashinasi tekshirilgan. Tekshiruv natijasida haydovchi ruxsat etilgan 18 tonna o‘rniga 21 tonna yuk bilan harakatlangani aniqlangan.

Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan ma’muriy chora ko‘rilgan. Keyinchalik Toshkent viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi yo‘l qoplamasiga yetkazilgan zararni undirishni so‘rab sudga murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi Chinoz tumanidan Toshkent shahridagi Qo‘ng‘irot YPX maskanigacha 45 kilometr masofani me’yordan ortiq yuk bilan bosib o‘tgan. Natijada yo‘l qoplamasi va konstruksiyasiga zarar yetkazilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar miqdori 5 million 562 ming so‘mni tashkil etgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudi ishni ko‘rib chiqib, Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga (Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari) asosan da’voni qisman qanoatlantirgan. Sud qarori bilan haydovchidan Toshkent viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi foydasiga 5 million 562 ming so‘m undirish haqida qaror chiqarilgan.

Avvalroq Chirchiq daryosi o‘zanidan ruxsatsiz qum-shag‘al qazib olingani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,9 trillion so‘m zarar yetkazilgani haqida xabar berilgandi.

jarimatoshkent viloyatisud qaroriyo'l harakati xavfsizligiyuk tashishortiqcha yukyo'l zararitransport qoidabuzarligi