Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish uchun to‘lovning eng yuqori miqdori belgilandi
Toshkent hokimi qarori bilan avtomobillar evakuatsiyasi uchun to‘lovning eng yuqori miqdori belgilandi. Hozir evakuatsiya xizmatlarini turli kompaniyalar ko‘rsatadi, tariflar esa tartibga solinmagan. Avvalroq hokim 120 ta evakuator xarid qilinishi, evakuatsiya va saqlashning yangi tizimi joriy etilishini aytgandi.

Toshkent shahar hokimining qarori bilan avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchasida saqlash xizmatlari uchun maksimal to‘lov miqdorlari belgilandi.
Hozirda avtomobillarni evakuatsiya qilish xizmatlarini bir qator xususiy kompaniyalar taqdim etmoqda. Bungacha bu xizmatlar uchun tariflar shahar miqyosida tartibga solinmagan edi. Iyun oyi boshida poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov jurnalistlarga, jumladan, Gazeta muxbiriga, Toshkent uchun 120 ta evakuator sotib olish va Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarning avtomobillarini evakuatsiya qilish hamda saqlashning yangi, yagona tizimini joriy etish rejalari haqida ma’lumot bergan edi.
Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) xabariga ko‘ra, ushbu qaror "yo‘laklar va piyodalar hududlari odamlar uchun erkin bo‘lishi lozim bo‘lgan qulay, xavfsiz va tartibli shahar muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan izchil ishlarning bir qismidir".
Hujjatga muvofiq, avtomobilni maxsus transport vositasida evakuatsiya qilish va tashishning har bir kilometri uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 20 foizi, avtomobilni saqlash uchun esa har bir sutkaga BHMning 20 foizi miqdorida haq undiriladi.
Bunda avtomobilni jarima maydonchasiga evakuatsiya qilishning umumiy qiymati BHMning 4 baravaridan oshmasligi kerak.
"Yagona cheklangan tariflarning joriy etilishi tizimni yanada tushunarli va shaffof qilishga, fuqarolarni asossiz hisob-kitoblardan himoyalashga va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi", — deyiladi YHTEM xabarida.
"Avtomobillar piyodalar yo‘laklarini, o‘tish joylarini va boshqa jamoat joylarini to‘sib qo‘ymasligi lozim. Qulay shahar harakatning barcha ishtirokchilariga o‘zaro hurmatdan boshlanadi. Yo‘laklar — piyodalarga, yo‘llar — transportga, qoidalar esa barcha uchun yagona va tushunarli bo‘lishi shart", — deya qo‘shimcha qildi markaz.

