Toshkent hokimligi jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda avtobus bekatlari dizaynini takomillashtirishga tayyor
Poytaxt hokimligi iqlim sharoiti va har bir hududning xususiyatlarini hisobga olgan holda avtobus bekatlari dizayniga o‘zgartishlar kiritishga tayyor. Soyabonlarni kattalashtirish, soya uchun vaqtinchalik yechimlar va ko‘kalamzorlashtirish, zarur joylarda bekatlar sig‘imini oshirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Toshkent hokimligi jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda avtobus bekatlari dizaynini takomillashtirishga tayyor.
28-iyul kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, Toshkent hokimligi ekspertlar va yo‘lovchilarning fikrlarini hisobga olgan holda yangi avtobus bekatlari dizayni va konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga tayyor. Hokimlik, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi vakillari va taklif etilgan ekspertlar jamoatchilikning eng ko‘p beriladigan savollariga javob berishdi. Quyida ushbu tadbirdagi asosiy ma’lumotlar keltirilgan.
**Bekatlarning umumiy holati va muammolar**
Poytaxt hokimligi huzuridagi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbutayevning so‘zlariga ko‘ra, har yili shaharda maxsus ishchi guruh avtobus bekatlarini xatlovdan o‘tkazadi.
"2026-yil boshidagi xatlov natijalariga ko‘ra, poytaxtda jami 2871 ta avtobus bekati mavjud. Shundan 1751 tasi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi balansida, 187 tasi Fransiya bilan hamkorlikda ochilgan JCDecaux kompaniyasi tasarrufida. Shuningdek, 739 ta do‘konli bekat hamda Toshkent halqa avtomobil yo‘lida joylashgan 194 ta bekat bor", — deydi u.
Olloyor Norbutayevning ta’kidlashicha, poytaxtda ko‘p yillar davomida jamoat transportiga yetarli e’tibor berilmagani, yangi bekatlar va yangi transport o‘tish bog‘lamalari tashkil etilmagani oqibatida jamoat transportining ulushi kamaygan.
"Keyingi yillardagi islohotlar doirasida shaharga yangi avtobuslar olib kelindi, brutto tizimiga o‘tildi, o‘tgan yili esa 2 mingta elektrobus xarid qilindi. Bugun Toshkent MDHdagi eng yirik elektrobus parklaridan biriga ega", — deydi Norbutayev.
Shu bilan birga, u avtobus bekatlari holati qoniqarli emasligini qayd etdi.
"Poytaxtdagi barcha bekatlarning 26 foizida yo‘lovchilar uchun pavilon, naves, elektron tablo yoki boshqa eng oddiy sharoitlar mavjud emas. Qolgan ko‘plab bekatlar ham O‘zbekistonda belgilangan minimal me’yoriy talablarga javob bermaydi va ma’nan eskirgan holda xizmat ko‘rsatmoqda", — deydi mutaxassis.
Norbutayevning so‘zlariga ko‘ra, markaziy ko‘chalardagi 187 ta bekat JCDecaux kompaniyasi tomonidan boshqariladi.
"Bu hamkorlik 2006-yilda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya markaziy ko‘chalardagi bekatlarni har ikki haftada yuvib, tozalaydi va ta’mirlaydi. Buning evaziga reklama joylashtirish huquqiga ega. Hokimiyat bilan tuzilgan shartnoma 2031-yilgacha amal qiladi", — deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, eng katta muammolardan biri do‘konli bekatlar bilan bog‘liq.
"2024-yil boshida shaharda 739 ta do‘konli bekat mavjud edi. Ular asosan 1990-yillardan 2021-yilgacha amaldagi qonunchilik asosida tuman hokimlari qarorlari bilan tadbirkorlarga berilgan. Hujjatlarda do‘kon maydoni bekatning uchdan bir qismini egallashi, qolgan qismi esa qishki va yozgi kutish joylari bo‘lishi belgilangan. Amalda esa ko‘p hollarda butun bekat do‘konga aylantirilgan. Kutish zallari yo‘q, konditsionerlar o‘rnatilmagan, ayrim tadbirkorlar esa kutish joylarini muzlatkich va tovarlari uchun ombor sifatida ishlatmoqda", — deydi markaz bo‘lim boshlig‘i.
U mazkur holat avtobuslar harakatiga ham ta’sir qilayotganini aytdi.
"Do‘konlar oldida boshqa transport vositalari to‘xtashi oqibatida avtobuslar birinchi emas, ikkinchi qatorga to‘xtashga majbur bo‘lyapti. Bu esa yo‘lovchilar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yil boshidagi xatlovda bunday holatlar yuzlab bekatlarda qayd etildi. Bizda do‘konli bekatlarning qariyb 500 tasi aks etgan fotoalbom ham mavjud", — deydi Norbutayev.
Norbutayev taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga tayanib, poytaxt bekatlaridagi asosiy kamchiliklarni ham sanab o‘tdi.
"753 ta bekatda konstruksiyaning o‘zi yo‘q. 1121 ta bekatda yo‘lovchilarni tushirish-chiqarish maydonchasi mavjud emas. 1080 ta oraliq bekatga piyodalar xavfsiz yetib kelishi uchun sharoit yaratilmagan. 1732 ta bekatda yo‘l belgilari, 836 tasida o‘rindiq yo‘q. Eng achinarlisi, 2577 ta bekatda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun pandus va taktil plitkalar o‘rnatilmagan. 1622 ta bekatda esa chiqindi qutisi mavjud emas", — deydi u.
Markaz vakilining qayd etishicha, do‘konli bekatlarda yana bir muammo — kutish zallarining doim ham ochiq emasligi. "Ayrim hollarda tadbirkorlar do‘konni ertalab soat 8−9 larda ochadi. Shungacha yo‘lovchilar kutish joyiga kira olmaydi", — deydi mutaxassis.
**Transport infratuzilmasini rivojlantirish**
Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning aytishicha, poytaxtda tirbandlik va avtobus bekatlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ikki yil davomida tahlillar olib borilgan.
"Hozir Toshkentda qariyb 800 mingta transport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, har kuni yana 300−400 mingta avtomobil shaharga kirib chiqadi. Shu bilan birga, poytaxtdagi 472 kilometr asosiy yo‘llar atigi 500 mingta transport vositasiga mo‘ljallangan. Ana shu nomutanosiblik tirbandliklarni keltirib chiqaryapti", — deydi u.
Unga ko‘ra, hokimlik bu muammoni hal qilish uchun jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘lini tanlagan.
"Maqsadimiz — odamlarni shaxsiy avtomobildan jamoat transportiga o‘tkazish, infratuzilmani rivojlantirish va avtobuslar harakat tezligini oshirish. Agar 2022-yilda shaharda kuniga 800 ta avtobus 15 mingta reysni amalga oshirgan bo‘lsa, bugun 1700 ta avtobus 24 mingta reysni bajaryapti. Shuning hisobiga kunlik yo‘lovchilar soni 500 mingdan 1,5 millionga yetdi, ya’ni jamoat transportidan foydalanuvchilar ulushi 18 foizdan 39 foizgacha oshdi", — deydi Ikromov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilgi tahlillar jamoat transportidan foydalanuvchilar sonini yanada oshirish imkoni borligini ko‘rsatgan.
"Shuning uchun 2026-yilda infratuzilmaviy muammolarni hal qilish dasturini ishlab chiqdik. 472 kilometr asosiy yo‘lni besh bosqichda to‘liq qayta ko‘rib chiqyapmiz. Bu ishlarga xorijlik va mahalliy mutaxassislar jalb qilingan. Hozirgacha 80 kilometr yo‘l to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Bu hududlarda yo‘l chiziqlari, svetoforlar, avtobus bekatlari va mikromobillik infratuzilmasi qayta tashkil etildi. Natijada ushbu ko‘chalarda o‘tkazuvchanlik 30 foizgacha oshdi va tirbandlik ma’lum darajada kamaydi", — deydi u.
Ikromov avtobus bekatlarining joylashuvini ham qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
"Biz uchun eng muhim vazifalardan biri — yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan nuqtalarni aniqlash edi. Tahlillar ayrim joylarda mavjud bekatlar yetarli emasligini yoki ularning joylashuvini o‘zgartirish kerakligini ko‘rsatdi. Shuning uchun ba’zi bekatlar boshqa joyga ko‘chiriladi yoki yangilari o‘rnatiladi", — deydi hokimlik rasmiysi.
Uning ta’kidlashicha, do‘konli bekatlar ham zamonaviy talablarga javob bermaydi.
"Bu muammoni yaxshi bilamiz. Har yili har bir bekat va uning joylashuvi o‘rganiladi, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha Toshkent shahar va tuman hokimliklariga takliflar kiritiladi. Shu bilan birga, shahar rivojlanishi sababli yangi bekatlarga ehtiyoj ham paydo bo‘lyapti. Masalan, Xalqlar do‘stligi saroyi oldida avval bekat bo‘lmagan. Ikkita bekat orasi 800 metr edi. Hudud rivojlanib, yo‘lovchilar soni oshgach, u yerda yangi bekat tashkil etildi", — deydi Ikromov.
**Bekatlar dizayni va funksionalligi**
STEP City loyiha-tahlil kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Alina Bisembayevaning ta’kidlashicha, avtobus bekatining asosiy vazifasi odamlarning uzoq vaqt turishi uchun joy bo‘lish emas, balki transportni qisqa muddat kutish uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, konditsioner faqat yopiq makonda samarali ishlaydi. Bu esa bekatni to‘liq yopiq qilishni talab etadi. Biroq amalda tor va yopiq joy ko‘p sonli yo‘lovchilar uchun ochiq va yaxshi shamollanadigan bekatga nisbatan noqulayroq hisoblanadi.
Bisembayevaning qayd etishicha, turli shaharlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yopiq bekatlardan ko‘pincha faqat yo‘lovchilar emas, boshqa shaxslar ham foydalanadi. Bundan tashqari, ularning tozaligi, konditsionerning uzluksiz ishlashi va qulay mikroiqlimni saqlash katta xarajat talab qiladi. Shu bois bunday loyihalar uchun investor topish qiyin.
Toshkent shahar hokimining yo‘l-transport infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev ham JCDecaux kompaniyasi dunyoning turli iqlim sharoitiga ega davlatlarida — issiq mamlakatlardan tortib sovuq hududlargacha — avtobus bekatlarini qurishini va ularning barchasida ochiq turdagi bekatlardan foydalanilishini ta’kidladi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi direktorining o‘rinbosari Furqat Murodov esa Dubay tajribasini misol qildi.
"Dubayda konditsionerli yopiq bekatlar bor. Biroq ularni barpo etishga 20 yil ketgan va 2200 ta bekatning atigi 800 tasi yopiq shaklga keltirilgan. Demak, bu ommaviy emas, balki muayyan joylarda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan yechim", — deydi u.
**Do‘konli bekatlar bilan ishlash**
Olloyor Norbutayevning aytishicha, shahardagi barcha do‘konli bekatlar bosqichma-bosqich o‘rganilmoqda.
"Hozir Toshkentda ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshirish va yo‘l harakatini xalqaro tajriba asosida qayta tashkil etish ishlari besh bosqichda amalga oshirilyapti. Birinchi bosqichda 116 ta do‘konli bekat o‘rganildi", — deydi u.
Uning aytishicha, bahorda boshlangan markaziy ko‘chalarni rekonstruksiya qilish (12 ta ko‘cha, 100 kilometr va 310 ta bekat) doirasida mazkur 116 ta bekat ham qamrab olingan. Natijada 95 ta do‘kon avtobuslar harakati va yo‘lovchilar chiqib-tushishiga xalaqit bermaydigan boshqa joyga ko‘chirilgan. 14 tasi sud qarori bilan ko‘chirilmoqda, 5 tasi huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz bo‘lgan, 2 tasi bo‘yicha esa pul kompensatsiyasi to‘lanadi. Do‘konli bekatlarning asosiy qismi hozirda Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasida joylashgan.
Yunusobod tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Yusupovning tushuntirishicha, agar kadastrga ega tadbirkor bekatdagi joyidan ixtiyoriy ravishda voz kechsa, unga tutash hududdan boshqa yer maydoni ajratiladi. Kompensatsiya miqdori yer uchastkasining kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Norbutayevning qayd etishicha, hukumat qarorlari asosida uzoq muddatli ijara huquqiga ega tadbirkorlar bilan esa alohida tartibda ish olib borilmoqda.
"20 yillik ijara huquqi berilgan bekatlar bo‘yicha tadbirkorlar bilan kelishilgan holda ularni shu hudud atrofida boshqa joyga ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda. Qolgan do‘konli bekatlar bo‘yicha ham barcha ishlar bosqichma-bosqich va qonunchilikka muvofiq tarzda amalga oshiriladi", — deydi u.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi direktorining o‘rinbosari Furqat Murodovning aytishicha, hozircha ikki nafar tadbirkor bilan kompensatsiya masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
"Ikkita do‘kon bo‘yicha kompensatsiya to‘lash orqali obyektni bo‘shatishga kelishilgan. Hozircha mablag‘ to‘lab berilmagan, chunki baholash va kompensatsiya miqdorini aniqlash jarayonlari davom etyapti. Tadbirkorlardan biri pul kompensatsiyasi o‘rniga yangi joydan do‘kon berishni so‘ragan, ikkinchisiga esa kompensatsiya to‘lanadi", — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, kompensatsiya auksionda g‘olib bo‘lgan investor emas, davlat tomonidan to‘lanadi.
"Bu mablag‘ Toshkent shahar transport departamentining Rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Chunki biz investor oldida majburiyat olganmiz — unga bekat qurish uchun yerni tayyor holda topshirishimiz kerak. Shuning uchun zarur hollarda tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lanadi", — dedi Furqat Murodov.
Gazeta muxbiri Toshkentdagi barcha do‘konli bekatlar taqdiri, bu jarayon qachon yakunlanishi va bekatlarni modernizatsiya qilish dasturi bo‘yicha aniq muddat bor-yo‘qligi haqida so‘radi.
Furqat Murodovga ko‘ra, shaharda qariyb 3 mingta avtobus bekati mavjud bo‘lib, ular bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinadi.
"Toshkentdagi 3 mingga yaqin bekatning 739 tasi do‘konli bekat. Hozir biz xorijiy hamkorlar bilan birga birinchi bosqichda 100 kilometr markaziy ko‘chani qayta loyihalashtiryapmiz. Bu faqat bekatlar emas, balki svetoforlar, yo‘l chiziqlari va tirbandlikka ta’sir qiluvchi boshqa infratuzilma elementlarini ham qamrab oladi", — deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hududda jami 300 ta avtobus bekati loyihaga kiritilgan.
"Ularning 150 tasi oddiy bekatlar, 50 dan ortig‘i boshqa turdagi bekatlar, 116 tasi esa do‘konli bekatlardir. Bu yil aynan shu 300 ta bekatni rekonstruksiya qilishni yakunlashni rejalashtirganmiz", — deydi Murodov.
Uning ta’kidlashicha, kelgusida qolgan do‘konli bekatlar ham bosqichma-bosqich zamonaviy bekatlarga almashtiriladi.
"Agar ikkinchi bosqichda yana 100 kilometr yo‘l loyihalashtirilsa va unga 400−500 ta bekat kirsa, do‘konli bekatlar aniqlangan hollarda ular bilan ham xuddi shu tartibda ishlanadi. Ya’ni tadbirkorlarga qo‘shimcha yer ajratish, ko‘chirish yoki kompensatsiya to‘lash masalalari qonunchilik asosida bosqichma-bosqich hal qilinadi", — deydi u.
Murodovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi barcha do‘konli bekatlar bosqichma-bosqich yo‘lovchilar va jamoat transporti harakati uchun qulay bo‘lgan yangi namunadagi avtobus bekatlari bilan almashtiriladi.
**Bekatlarni ijaraga berish va investorlar**
Promobilis kompaniyasi rahbari Yekaterina Kocherginaning tushuntirishicha, davlat mulki hisoblangan avtobus bekatlarini ijaraga berish huquqi elektron auksion orqali sotiladi. Tanlovdan farqli o‘laroq, auksion ishtirokchilarni tajribasi yoki texnikasiga qarab saralash imkonini bermaydi. Unda yagona mezon — taklif etilgan ijara narxi hisoblanadi.
Gazeta avval xabar berganidek, bekatlar bo‘yicha bir nechta auksion e’lon qilingan bo‘lib, ularning ayrimlari o‘tmagan. Ikkita auksionda EWI Snacks kompaniyasi g‘olib bo‘lib, yiliga 1,7 mlrd so‘m ijara haqini taklif qilgan.
2025-yil 28-fevralda 36 ta, 2026-yil 27-yanvarda esa yana 460 ta avtobus bekati (shundan 230 tasi reklama joylashtirish imkoniyatiga ega va 230 tasi "ijtimoiy" bekatlar) auksionga qo‘yilgan.
Kocherginaning ta’kidlashicha, agar investor shartnoma talablarini bajarmasa, shahar hokimligi ijara shartnomasi tuzilgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga murojaat qiladi. Agentlik shartnomani sud orqali bekor qilishga harakat qiladi.
"Qonunchilikda shartnomani sudsiz bekor qilish tartibi nazarda tutilmagan. Bu ijarachining huquq va manfaatlarini ham himoya qiladi", — deydi huquqshunos.
Olloyor Norbutayevning ma’lum qilishicha, 2026−2027-yillarda yana 1785 ta avtobus bekati auksionga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda EWI Snacks kompaniyasi 496 ta bekatdan 250 tasida konstruksiyalarni o‘rnatgan va ularni jihozlash ishlarini davom ettirmoqda. Barcha bekatlarni yil oxiriga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
**Yangi bekatlar dizaynini takomillashtirish**
Kuchli jazirama kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yangi avtobus bekatlari quyoshdan yetarlicha himoya qilmayotgani, tom qismi, o‘rindiq va boshqa elementlari qizib ketishi haqida ko‘plab shikoyatlar tarqaldi.
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramovning ma’lum qilishicha, shahar hokimligi bekatlar dizayniga o‘zgartish kiritishga tayyor va bu borada investor kompaniya bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
"Bizga eng ko‘p e’tiroz tom qismi bo‘yicha tushdi. Xususan, ko‘proq soya berishi va issiqlikni kamroq o‘tkazishi kerakligi aytildi. Shu munosabat bilan pudratchi kompaniya bilan muzokara o‘tkazdik va u tom konstruksiyasini qayta ishlab chiqishga rozilik bildirdi. Bu masalani qayta ko‘rib chiqamiz", — deydi u.
Uning aytishicha, bekatlarning sig‘imi ham qayta baholanmoqda.
"Daraxtlar soyasi, ochiq hududlar va yo‘lovchilar oqimi hisobga olingan holda o‘rnatilgan bekatlarni yana bir bor tahlil qilamiz. Zarur bo‘lgan joylarda bitta emas, ikkita yoki uchta konstruksiya o‘rnatishga ham tadbirkor tayyorligini bildirdi. Barcha e’tiroz va takliflarni qayta ko‘rib chiqyapmiz. Bu ishlar yaqin vaqt ichida yakunlanadi", — deydi Mirakbar Ikromov.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev ham hokimlik mutaxassislar va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda turli yechimlarni o‘rganayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan takliflar orasida:
* soya maydonini kengaytirish uchun soyabonni kattalashtirish;
* tom qismi uchun kamroq qiziydigan materiallarni sinab ko‘rish;
* hozircha soya yetishmaydigan joylarda vaqtinchalik yechimlarni joriy etish bor.
"Ko‘proq soya yaratish uchun qo‘shimcha soyabonlar va pergolalar o‘rnatish imkoniyatini ham ko‘rib chiqyapmiz", — deydi u Gazeta`ga bergan intervyusida.
Shuningdek, o‘zgarishlar bekatlarning sig‘imiga ham taalluqli bo‘ladi. Yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda bitta emas, balki ikki yoki uch moduldan iborat bekatlar o‘rnatilishi mumkin.
Alina Bisembayevaning ta’kidlashicha, bekat dizayni ko‘chaning o‘lchami va fazoviy xususiyatlariga mos bo‘lishi lozim. Hozir ishlab chiqilayotgan transport master-rejasi doirasida yirik transport-almashuv tugunlari konsepsiyasi ham tayyorlanmoqda.
Uning aytishicha, bunday joylarda bekatlar formati butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin.
"Turli hududlar turlicha yechimlarni talab qiladi. Tor ko‘cha uchun bir format to‘g‘ri kelsa, metro, temir yo‘l va avtobuslar tutashadigan yirik transport tuguni uchun mutlaqo boshqacha yondashuv kerak. Bunday joylarda kattaroq bekatlar, shuningdek, xalqaro tajribada keng qo‘llanadigan savdo nuqtalari yoki kafelarni ham nazarda tutish mumkin", — deydi Bisembayeva.
Ma’lum qilinishicha, kelgusida avtobus bekatlarini joylashtirish uchun yer uchastkalari qayta ko‘rib chiqilgan shartlar asosida auksionga chiqariladi.
**Avtobus harakati intervallari va ajratilgan yo‘laklar**
Mirakbar Ikramovning aytishicha, ideal sharoitda shahar avtobus yo‘nalishlarida harakat intervali 15 daqiqadan oshmasligi kerak. Biroq hozir amalda ayrim yo‘nalishlarda avtobusni 40 daqiqagacha kutishga to‘g‘ri kelayotganini u tan oldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat avtobuslar yetishmasligi bilan bog‘liq emas. Asosiy muammolardan yana biri — jamoat transporti uchun harakatda ustuvorlik ta’minlanmagani. Natijada bir yo‘nalishdagi avtobuslar tirbandlikda qolib ketadi va keyin bekatga ketma-ket yetib keladi.
Bu muammoni hal qilish uchun shaharda ajratilgan avtobus yo‘laklari tarmog‘i kengaytirilmoqda. Shuningdek, yil oxiriga qadar yana 240 ta avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan.
STEP City loyiha-tahlil kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Alina Bisembayevaning ta’kidlashicha, faqat ajratilgan yo‘lakni chizib qo‘yishning o‘zi yetarli emas.
"Buning uchun qoidalarga rioya etilishini ta’minlaydigan boshqaruv tizimi ham kerak. Jumladan, ajratilgan yo‘laklarda to‘xtash yoki boshqa avtomobillarning ularda harakatlanishi kabi qoidabuzarliklar avtomatik qayd etilishi va nazorat qilinishi lozim", — deydi u.
**Bekatlarning joylashuvi va nomlari**
Poytaxt hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyevning ma’lum qilishicha, shahardagi 100 kilometr ko‘chani tahlil qilish jarayonida ayrim avtobus bekatlari yo‘lovchilar oqimi va aholi ko‘p boradigan manzillardan kelib chiqib boshqa joyga ko‘chirilgan.
Uning aytishicha, jumladan, avval bekat bo‘lmagan Xalqlar do‘stligi saroyi yonida yangi bekat tashkil etilgan. Ilgari bu hududda qo‘shni bekatlar orasidagi masofa 800 metr bo‘lgan. Shuningdek, "Buyuk ipak yo‘li" metro bekati chiqishlaridan biri oldida yangi avtobus bekati barpo etilgan. "Pushkin" metro bekati yonidagi bekat ham qayta tiklanmoqda.
"Oddiy shaharlik bu o‘zgarishlarni darhol sezmasligi mumkin. Farqni asosan aynan shu bekatdan doimiy foydalanganlar payqaydi. Lekin butun shahar miqyosida bu o‘zgarishlar sezilarli samara beradi", — deydi shahar hokimi o‘rinbosari.
Alina Bisembayevaning qayd etishicha, avtobus bekatlari odamlar eng ko‘p tashrif buyuradigan nuqtalarga yaqin joylashtirilishi kerak. Masalan, bekat maktabdan 500 metr narida emas, imkoni boricha uning yonida bo‘lishi lozim. Shuningdek, bekatlar piyodalar o‘tish joyi va boshqa transportga qulay almashish imkoni mavjud bo‘lgan chorrahalarga yaqin joylashtirilgani ma’qul.
U yana bir bor ta’kidlashicha, bekatning o‘lchami va turi ham joyning xususiyatiga qarab tanlanishi zarur. Yirik transport-almashuv tugunlarida turli yo‘nalishlar uchun alohida chiqish zonalariga ega katta pavilonlar barpo etilishi mumkin. Tor ko‘chalarda esa ixcham konstruksiyalar maqbul hisoblanadi.
Toshkentdagi ko‘plab avtobus bekatlarining nomlari o‘nlab yillardan beri o‘zgarmagan va ko‘p hollarda hududning hozirgi nomi yoki yaqin atrofdagi obyektlarni aks ettirmaydi.
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramovning ma’lum qilishicha, shahar hokimligi bu muammodan xabardor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxiriga qadar avtobus bekatlari nomlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Bu jarayon jamoatchilik muhokamasi orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Ikramovning ta’kidlashicha, agar aholidan asosli takliflar kelib tushsa, bekatlar nomlarini o‘zgartirishga tayyorlik bor.

