Nima uchun Toshkentga pullik avtoturargohlar kerak? — ekspertlar fikri

**Toshkentga pullik avtoturargohlar nima uchun kerak? — Ekspertlar fikri**
Avtoturargoh masalasi, avvalo, piyodalarga tegishli bo‘lib, hatto haydovchilardan ham ko‘proq ahamiyatga ega. Bir necha soatga qoldirilgan avtomobil ko‘chaning bir qismini egallaydi, holbuki, ko‘chalar barcha shahar aholisiga tegishli. Toshkentda avtomobil boshqaruvchilari aholining atigi 21 foizini tashkil etadi. Aholining mutlaq ko‘pchiligi piyodalardir va ular ko‘cha makonidan to‘laqonli foydalanishga haqli. Shu sababli, pullik avtoturargohlar haqidagi munozara aslida shahar makoni kimga tegishli va undan qanday qoidalar asosida foydalanilishi kerakligi haqidagi muhokamadir. Zamonaviy shahar avtomobil egalari bo‘lgan ozchilik manfa’atini ustuvor qo‘ymasligi kerak. Aksincha, u barcha fuqarolar va ularning qulayligini hisobga olishi lozim.
Bugungi kunda Toshkentda haydovchilar avtomobillarini piyodalar yo‘laklari, avtobus bekatlari, piyodalar o‘tish joylari, hovlilarga kirish yo‘llari hamda jamoat binolari kirish qismiga qoldirmoqda. Natijada barcha shahar aholisi foydalanishi kerak bo‘lgan jamoat hududlari amalda ozchilik, avtomobil egalari tomonidan o‘z shaxsiy mulkini saqlash uchun bepul egallab olinmoqda.
Bunday vaziyatlarda odatda populistik takliflar yangraydi: “Ko‘proq avtoturargohlar qurish kerak”. Biroq xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, avtoturargohlar sonini cheksiz oshirib borishning imkoni yo‘q. Shahar markazida avtoturargoh qanchalik arzon va qulay bo‘lsa, shaxsiy avtomobilda yurish shunchalik jozibador bo‘ladi va yangi joylar tezda to‘lib ketadi. Natijada shahar yana avtoturargohlar tanqisligiga duch keladi, faqat bu safar avtomobillar soni yanada ko‘paygan bo‘ladi. Shu bois zamonaviy megapolislar avtoturargohni yo‘lning bepul qo‘shimchasi sifatida emas, balki oqilona boshqarilishi lozim bo‘lgan cheklangan shahar resursi sifatida ko‘radi.
Bugungi kunda Toshkentda bir nechta operator pullik avtoturargohlar tizimini joriy etishni boshladi. Bu tizim yo‘l bo‘yi avtoturargohlari hamda maxsus ajratilgan hududlardagi avtoturargohlarni o‘z ichiga oladi. Arxitektorlar, urbanistlar va boshqa mutaxassislar ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda.
**Arkadiy Gershman – taniqli urbanist, “Gorod dlya Lyudey” (“Odamlar uchun shahar”) kanali muallifi:**
Aslida, bepul avtoturargoh degan tushuncha mavjud emas. Uni loyihalash, qurish, asfalt yotqizish, yo‘l chiziqlarini chizish, tozalash va ta’mirlashning barchasi mablag‘ talab qiladi. Bundan tashqari, avtoturargoh shahar yer maydonidan foydalanadi, holbuki yer shaharning eng cheklangan resurslaridan biridir. Agar buning uchun haydovchi to‘lamasa, demak, bu xarajatlarni barcha shahar aholisi soliqlar yoki jamiyat uchun yaratilishi mumkin bo‘lgan boshqa imkoniyatlar hisobidan qoplaydi. Bepul tibbiy xizmat yoki piyodalar yo‘laklaridan farqli o‘laroq, avtoturargohlardan faqat avtomobil egalari foydalanadi. Shu sababli adolat tamoyili juda oddiy: kim foydalansa, o‘sha to‘lashi kerak.
Shu bilan birga, pullik avtoturargohning maqsadi faqat xarajatlarning bir qismini qoplash emas. U, avvalo, transport siyosatining muhim vositalaridan biridir. Uning ikkita asosiy vazifasi mavjud.
Birinchisi – qisqa muddatli vazifa. Pullik tizim avtomobilni ushbu hududda doimiy qoldirishga ehtiyoji bo‘lmagan haydovchilarni saralab oladi. Masalan, avtomobilini metro bekati yonida oylar davomida qoldirib ketadiganlar. Pullik avtoturargoh haydovchilarni bo‘sh joy ko‘proq bo‘lgan va avtomobil hech kimga xalaqit bermaydigan hududlarda mashina qo‘yishga undaydi.
Ikkinchi vazifa – uzoq muddatli. Uning maqsadi shaxsiy avtomobilda yurishga nisbatan jamoat transportidan foydalanishni iqtisodiy jihatdan afzalroq tanlovga aylantirishdir. Oddiy qilib aytganda, agar mashina uyning tagida turgan bo‘lsa, inson ishga, do‘konga yoki do‘stlarinikiga aynan o‘sha mashinada borishni xohlaydi. Hatto yaqin atrofda metro bo‘lsa ham, ko‘pchilik baribir avtomobilni tanlaydi. Chunki mashina bor, unga yoqilg‘i quyilgan va undan foydalanish odat tusiga kirgan. Ammo hamma shunday yo‘l tutsa, natijada tirbandlik yuzaga keladi va manzilga tezroq yetib borish o‘rniga, hamma birgalikda tirbandlikda vaqt yo‘qotadi.
Shu sababli shahar avtomobilga egalik qilishni emas, balki undan eng tirband hududlarda foydalanishni qimmatroq qiladi. Bu odamlarni jamoat transporti yoki hech bo‘lmaganda taksidan foydalanishga rag‘batlantirishning yumshoq usulidir. Masalan, agar ofis oldidagi avtoturargoh narxi soatiga kamida 1 AQSH dollarini tashkil etsa, to‘qqiz soatlik ish kuni davomida avtoturargoh uchun to‘lanadigan mablag‘ sezilarli xarajatga aylanadi. Shunda inson o‘z mehnatining katta qismini aynan avtoturargoh xarajatini qoplash uchun sarflayotganini anglaydi. Natijada ayrim fuqarolar o‘z transport odatlarini o‘zgartiradi, yo‘llardagi tirbandlik kamayadi va bundan hamma manfaat ko‘radi: avtomobili haqiqatan ham zarur bo‘lgan haydovchilar, jamoat transporti yo‘lovchilari, piyodalar hamda butun shahar aholisi.
**Mariya Sultanova – shaharsozlik arxitektori, “SAD” arxitektura byurosi direktori:**
Menimcha, pullik avtoturargohlar haqida go‘yoki bu avtomobil egalariga qarshi qaratilgan tashabbusdek gapirishni bas qilish vaqti keldi.
Shahar yeri qimmat resurs hisoblanadi. Unda shaxsiy avtomobilni bepul saqlash esa unchalik mantiqiy emas. Ha, pullik avtoturargohlar kerak. Yo‘q, ular jamoat transportining o‘rnini bosa olmaydi. Albatta, shaharlar asta-sekin jamoat transportiga ustuvorlik bermoqda. Ammo Toshkentda odamlarning avtobus va metrodan keng foydalanishga o‘tishi hali ko‘p yillar talab qiladi. Shu bilan birga, bugun ko‘chalarda harakatlanayotgan Lacetti avtomobillari ham birdaniga yo‘qolib qolmaydi. Yaqin o‘n yil davomida ham ularni qayergadir qo‘yish uchun avtoturargohlar kerak bo‘ladi.
Endi esa bunga qanday erishish mumkinligi haqida to‘xtalsak.
1. Avtoturargoh siyosati transport oqimini boshqarishning eng samarali vositalaridan biridir. Avtoturargohlar joylashadigan hududlarni tasodifan emas, balki transport muhandislari va arxitektorlar belgilashi kerak. Shundagina transport oqimini tirband ko‘chalardan kamroq yuklama tushadigan ko‘chalarga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
2. Tushgan mablag‘lar ham shahar manfaatiga xizmat qilishi va yana shaharga qaytishi kerak. Jumladan, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi, jamoat transportini rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda piyodalar yo‘laklarini yaxshilashga yo‘naltirilishi lozim. Avtoturargoh uchun to‘lov yoki jarima to‘ladingizmi? Bilingki, bu mablag‘ ertaga shahardagi yangi daraxt yoki yangi avtobusga aylanishi kerak.
3. Xalqaro tajribani o‘rganish muhim. Masalan, San-Fransiskoda avtoturargoh narxi talab darajasiga qarab belgilanadi. Nottingemda esa avtoturargohlardan tushgan daromad jamoat transportini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
4. Jarimalar ham bo‘lishi shart. Aks holda, odatdagi holat yuz beradi: faqat mas'uliyatli va qoidalarga amal qiladigan fuqarolar to‘laydi.
Va nihoyat, bu tizimning mazmunini aholiga to‘g‘ri tushuntirish zarur. Har bir to‘langan so‘m ko‘chalardagi yangi daraxtlar, jamoat transporti va shahar infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qilishi kerak. Bu g‘oya reklama bannerlari va axborot materiallarida keng yoritilishi lozim. Shunda fuqarolar to‘lagan mablag‘lari shahar rivojiga qaytayotganini ko‘radi va to‘lovlarni mas'uliyat bilan amalga oshirishga ko‘proq intiladi.
**Iskandar Soliyev – shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis, urbanist:**
**Pullik avtoturargoh shaharni boshqarishdagi muhim tizimli yechim**
Avtoturargoh pullik bo‘lishi kerak. Bu shahar infratuzilmasini tartibga solishning eng muhim omillaridan biridir. Bugungi kunda shaharlarimiz duch kelayotgan muammolar tasodifan paydo bo‘lmagan. Ular yillar davomida ushbu masalaga tizimli yondashuv bo‘lmagani sababli asta-sekin yig‘ilib kelgan. Biz bugungi vaziyatga birdaniga kelib qolganimiz yo‘q, uni baribir ertami-kechmi hal qilish zarur edi.
Albatta, pullik avtoturargoh transport tizimidagi barcha muammolarning yagona yechimi emas. E'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan boshqa ko‘plab yo‘nalishlar ham bor. Masalan, jamoat transporti tizimi ham hali mukammal ishlamayapti. Shu bois ayrimlar: “Go‘yoki muammo faqat avtoturargohlarda ekan-da”, deyishi mumkin. Biroq barcha yo‘nalishlar bir vaqtning o‘zida va tizimli ravishda rivojlantirilishi kerak. Chunki ulardan biri ikkinchisisiz umumiy infratuzilma muammolarini hal qila olmaydi. Hozir boshlangan islohotlar, umuman olganda, to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilmoqda va ularni yanada faol davom ettirish zarur.
Ba'zilar: “Yillar davomida bu yerda mashinamizni bepul qo‘yib kelgan edik, endi esa kimdir kelib bundan pul ishlamoqchi bo‘lyapti”, deb o‘ylashi mumkin. Aslida esa bunday emas. Biz uy sotib olayotganimizda har bir kvadrat metr uchun haq to‘laymiz. Chunki quruvchi uy quriladigan yer uchastkasini olish uchun avval u yerda yashagan fuqarolar bilan kelishadi, yerni katta xarajat evaziga sotib oladi va keyinchalik o‘z xarajatlari hamda foydasini hisobga olgan holda bizga sotadi. Hatto yer osti avtoturargohlaridagi bir dona mashina joyi ham 10, 20 yoki 30 ming AQSH dollariga sotiladi.
Shunda tabiiy savol tug‘iladi: nega biz yillar davomida uylarimiz atrofidagi, aslida o‘zimizga tegishli bo‘lmagan umumiy hududlardan bepul foydalanish masalasini o‘ylab ko‘rmaganmiz? Biz bu yerlarni “hamma uchun bepul” deb qabul qilamiz va zarurat tug‘ilganda hatto yashil hududlar hisobiga bo‘lsa ham egallab olamiz. Bunday fikrlashning o‘zi yillar davomida shakllangan tizimsiz boshqaruv natijasidir. Balki bu bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida davlat tasarrufidagi bo‘sh va yashil hududlarni “egasiz” deb qabul qilganimiz bilan ham bog‘liqdir. Natijada har kim ulardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalana boshladi. Bu tartibsizlikni esa baribir bir kun kelib tartibga solish kerak edi.
Bugun ko‘chalarda hatto piyoda yurish ham qiyinlashib bormoqda, chunki avtomobillar duch kelgan joyga qo‘yilmoqda. Yo‘llarimiz tartibsizlikdan haqiqiy tirbandlik va xavfli hududlarga aylandi. Yashil maydonlar qisqardi. Tuproq suvni shimadigan joylar o‘rnini asfalt va beton qoplamalar egallagani sababli yog‘ingarchilik vaqtida suv yig‘ilib qolmoqda. Shuningdek, avtomobildan cheksiz va nazoratsiz foydalanish oqibatida yo‘llardagi tirbandlik kritik darajaga yetdi.
Shu sababli pullik avtoturargohlar tizimini joriy etish mavjud muammolarni hal qilish yo‘lidagi eng muhim qarorlardan biridir.
Biroq buning muhim sharti bor: har bir mahalla yoki kvartal o‘z hududidagi pullik avtoturargohlardan tushayotgan mablag‘ aynan shu hudud infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanayotganini ochiq va shaffof tarzda ko‘rishi hamda his qilishi kerak. Faqat shundagina bunday islohotlarga nisbatan norozilik va ishonchsizlik kamayadi. Hozircha esa bu loyiha ko‘pchilik uchun yetarlicha tushunarli emas, yopiq va hali to‘liq shakllanmagan ko‘rinadi.
**Abdurahmon Baxtiyev, Toshkent shahri hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:**
Toshkent shahri hokimligi poytaxtimizni nafaqat haydovchilar, balki piyodalar uchun ham qulay shaharga aylantirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda. Ushbu yo‘nalishdagi muhim vazifalardan biri jamoat transporti va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishdir. Shu maqsadda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etayotgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTTM) tashkil etildi.
Zamonaviy shaharni pullik avtoturargohlar tizimisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu tizim ikkita muhim vazifani bajaradi. Birinchidan, shahar markazidagi avtomobillar sonini tartibga soladi. Ikkinchidan, avtoturargoh joylaridan uzoq vaqt davomida foydalanadiganlar emas, balki ko‘proq haydovchilar foydalanishiga imkon yaratadi.
Bu yo‘nalishda Toshkent shahri hokimligi davlat-xususiy sheriklik amaliyotini izchil rivojlantirishni davom ettiradi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ochiq tanlov asosida avtoturargohlarni boshqarish huquqini qo‘lga kiritadi va shahar budjetiga belgilangan to‘lovlarni amalga oshiradi. Ushbu mablag‘lar hisobidan shahar aholisi uchun qulaylik yaratishga qaratilgan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish davom ettiriladi.
Kelajakdagi Toshkent bu jamoat transportidan foydalanish qulay va hamyonbop bo‘lgan shahar. Bunday shaharda ustuvorlik piyodalar hamda jamoat transportiga beriladi. Bu insonlar uchun qulay shahar barpo etishning zamonaviy yondashuvidir.
**Jahongir Toshpo‘latov – Poytaxt Parking kompaniyasi bosh menejeri:**
Butun dunyoda pullik avtoturargohlar shahar hududini samarali boshqarish vositasi hisoblanadi. Yer maydoni cheksiz emas, avtomobillar soni esa tobora ortib bormoqda. Shu sababli bu resursdan oqilona foydalanish va uni to‘g‘ri boshqarish zarur.
Moskva tajribasi shuni ko‘rsatdiki, pullik avtoturargoh tizimi joriy etilgach, bo‘sh joy izlab ko‘chalarda aylanib yuradigan avtomobillar soni bir necha barobar kamaygan. Natijada transport harakati tezlashgan, ko‘chalarning o‘tkazuvchanligi yaxshilangan va avtoturargoh joylaridan foydalanish samaradorligi sezilarli darajada oshgan.
Bugungi kunda Toshkent ham o‘z vaqtida Moskva duch kelgan muammolar bilan yuzlashmoqda. Avtomobillar soni shahar infratuzilmasiga qaraganda tezroq o‘smoqda, hovlilar va markaziy ko‘chalar esa asta-sekin tartibsiz avtoturargohlarga aylanib bormoqda. Oldimizda hali katta ishlar turibdi va bu jarayonda nafaqat haydovchilar, balki barcha shahar aholisining ishtiroki muhim.
Operator sifatida biz ushbu loyiha natijalari faqat transport tizimi bilan cheklanib qolmasligiga ishonamiz.
* **Ekologik samara:** avtomobillar bo‘sh joy izlab ko‘chalarda aylanishni kamaytiradi, yashil hududlar va ko‘kalamzorlashtirishni tiklash imkoniyati yaratiladi.
* **Iqtisodiy samara:** tartibli kirish-chiqish yo‘llari va bo‘sh piyodalar yo‘laklari vaqt o‘tishi bilan shahar infratuzilmasining samarali ishlashiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek, shahar budjetiga tushadigan muntazam to‘lovlar infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
* **Ijtimoiy samara:** uylar, poliklinikalar va maktablar yaqinidagi avtoturargoh joylari hamma uchun teng darajada foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu imkoniyat mashinasini kim birinchi qo‘yganiga bog‘liq bo‘lmaydi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar aholisi buni yaqqol his qiladi. Bundan tashqari, loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlik qilib, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan 60 nafardan ortiq inspektorni ish bilan ta'minladi.
* **Xavfsizlik nuqtayi nazaridan:** tez yordam va yong‘in o‘chirish xizmatlari uchun yo‘llar bo‘shatiladi, piyodalar yo‘laklariga tartibsiz avtomobil kirib kelishining oldi olinadi. Muhimi, Toshkent bu yo‘nalishda izchil harakat qilmoqda. Toshkent shahri hokimligi hamda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTTM) olib borayotgan ishlar aynan shunday o‘zgarishlarni barqaror amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tizimli yondashuvni shakllantirmoqda.
Operator sifatidagi vazifamiz faqat avtoturargoh infratuzilmasini yaratish bilan cheklanmaydi. Biz shaharni rivojlantirishga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga intilamiz. Toshkent esa bu yo‘lni endigina boshlab bormoqda.

