Mahalliy

Toshkentda kottej savdosida tovlamachilik qilgan aka-uka ushlandi

Muqaddam sudlangan shaxs hamda uning ukasi o‘zaro til biriktirib, Toshkent tumanida qurilgan kottej uyni 66 ming dollarga sotib olishga kelishgan. Ular uy egasiga 30 ming dollar berib, qolgan qismini 6 oyda berishni va’da qilgan va kottejni notarial tartibda rasmiylashtirib olishgan.

Toshkentda kottej oldi-sotdisi bilan bog‘liq tovlamachilik holati yuzasidan aka-uka hibsga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 1979-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan shaxs va uning 1988-yilda tug‘ilgan ukasi birgalikda Toshkent tumanida mahalliy fuqaro tomonidan qurilgan kottejni 66 ming dollarga sotib olishga kelishgan.

Dastlab ular uy egasiga 30 ming dollar to‘lab, qolgan 36 ming dollarni 6 oy ichida berishga va’da berishgan. 2022-yil may oyida kottejni 1976-yilda tug‘ilgan akalarining nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib olishgan. Biroq keyinchalik aka-uka qolgan 36 ming dollarni bermasliklarini aytib, pulni talab qilsa, fuqaroga tazyiq o‘tkazish bilan tahdid qilishgan.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida aka-uka qo‘lga olindi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu modda bo‘yicha aybdor shaxslarga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

jinoyat ishiiibbkottej savdosidxxtovlamachilikfiribgarlikqamoq jazositoshkent