Toshkentda kelasi yil jaziramagacha konditsionersiz avtobus qolmaydi — poytaxt transport boshqarmasi
Toshkentda harakatlanayotgan avtobuslarning 191 tasida konditsioner mavjud emas. 'Keyingi yil jaziramagacha konditsionersiz avtobuslar umuman qolmaydi', — deydi Mirakbar Ikromov. Poytaxt transport boshqarmasi konditsionerli avtobuslardagi muammolarni esa yo‘lovchilarning turlicha talablari bilan izohladi.

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning Gazeta’ga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, kelgusi yil yozgi jazirama boshlangunga qadar poytaxtda konditsionersiz avtobuslar qolmaydi.
Hozirda Toshkentda 1700 dan ortiq avtobus qatnovda bo‘lib, ularning 191 tasida konditsioner mavjud emas. Bu avtobuslar 2012-2013-yillarda ishlab chiqarilgan eski dizel transport vositalaridir.
Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, Prezident topshiriqlari va belgilangan maqsadlarga muvofiq, joriy yilda eski dizel avtobuslarning 50 foizidan voz kechish rejalashtirilgan. Kelgusi yil yozgi jazirama boshlangunga qadar esa konditsionersiz avtobuslar butunlay yo‘q qilinadi. Chunki brutto talablari asosida avtobuslarda sovutish va isitish tizimlarining majburiy bo‘lishi belgilangan va bu tender shartlariga kiritilmoqda.
Ayrim konditsionerli avtobuslarda ham ularning ishlatilmayotgani haqidagi savolga javoban, Ikromov bu holat o‘rganilganini va bunga bir nechta sabab borligini aytdi. Ba’zi yo‘lovchilar avtobus ichi juda sovib ketayotganini aytib, konditsionerni o‘chirishni so‘rasa, boshqalar oynani yopib, konditsionerni ishlatishni talab qiladi. Shu sababli barchaga birdek ma’qul keladigan haroratni ta’minlash qiyin. Yana bir sabab konditsionerning texnik nosozligi bo‘lishi mumkin.
Toshkent shahar transport boshqarmasi huzurida reyslar sifati va monitoringi bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda 50 nafar inspektor faoliyat yuritadi. Ular joyiga chiqib, konditsioner ishlamayotgan avtobuslarni aniqlaydi, reys sifatini baholaydi. Zarur hollarda avtobus garajga qaytarilib, nosozlik bartaraf etilganidan keyingina yo‘nalishga chiqariladi.
Mirakbar Ikromovning qo‘shimcha qilishicha, har bir avtobus kunlik reysiga mos hajmda yoqilg‘i bilan ta’minlanadi. Yoqilg‘i sarfi nafaqat jaziramaga, balki haydovchi tajribasiga ham bog‘liq. Agar belgilangan me’yorlarda harakat qilinsa, yoqilg‘i bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi.
Avtobuslar turli yoqilg‘i turlarida harakatlanishi sababli aniq o‘rtacha sarfni aytish qiyin. Hozirda 300-400 ta avtobus dizel yoqilg‘isida, qolganlari gazda harakatlanadi. Yana 528 ta avtobus elektr quvvatida ishlaydi.
Mirakbar Ikromovning ma’lum qilishicha, shu yil oxiriga qadar poytaxtga 240 ta avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Ulardan 200 tasi “Toshshahartransxizmat” tomonidan, 40 tasi esa xususiy tadbirkorlar tomonidan xarid qilinadi.
2026-yilda Toshkent avtobuslarida konditsionerlar 7-maydan yoqila boshlagan edi. O‘shanda kompaniya konditsionerlari nosoz bo‘lgan avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilmasligiga ishontirgan va yuzaga keladigan nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etishga va’da bergan edi. Haydovchilar bilan sovutish tizimlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Toshshahartransxizmat” yo‘lovchilarning har bir murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ma’lum qilib, vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘ragan edi.
Ta’kidlash joizki, 2018-yilgacha poytaxt avtobuslarida konditsionerlar bo‘lmagan. Hozirda barcha yangi mashinalar sovutish tizimlari bilan jihozlangan.

