Toshkentda ijaraga mashina olib, xavfli manyovrlar qilgan 17 yoshli yigit ushlandi

Toshkentda ijaraga olingan avtomobilda xavfli manyovrlar qilgan 17 yoshli haydovchi qo‘lga olindi. Bu haqda IIBB YHXB axborot xizmati ma’lum qildi.
Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ijaraga olingan Monza rusumli avtomobilda xavfli harakatlar sodir etib, ularni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan haydovchi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 17 yoshli yigit haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan va hech qanday hujjatsiz avtomobilni ijaraga olgan. U poytaxt ko‘chalarida, xususan, Qorasuv va TTZ yo‘nalishlarida qaltis manyovrlar qilgan.
Qoidabuzar yigitning so‘zlariga ko‘ra: "Mashinada hech qanaqa hujjatim bo‘lmagan, "prava"m yo‘q. O‘zim 17 yoshdaman va bunaqa haydash shunchaki qiziqish bo‘lgan. Baribir yashirinaman deb o‘ylasanglar ham, yuzi yoki mashina raqami tushmasa ham, baribir topilar ekan. Bunga qonuniy chora ko‘riladi".
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borildi. Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-prim 10-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda IIO xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan xavfli manyovrlar bilan harakatlangan Cobalt avtomobili o‘q uzish orqali to‘xtatilgan edi.

