Toshkent viloyatida bolalardan foydalanib oltin va 40 ming dollarni noqonuniy olib chiqishga urinish fosh etildi

Toshkent viloyatida bolalardan foydalanib, oltin va 40 ming AQSH dollarini noqonuniy olib chiqishga urinish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
“Navoiy” chegara-bojxona postida sodir bo‘lgan birinchi voqeada, O‘zbekistondan chiqib ketayotgan ayol o‘zining go‘dak farzandining tagligiga yashirilgan, og‘irligi qariyb 200 gramm bo‘lgan 2 dona oltin quymani olib o‘tishga harakat qilgan.
Shuningdek, uning yonidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, 70 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlari ham topilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, olib chiqilishining oldi olingan ushbu buyumlarning umumiy qiymati 450 million so‘mni tashkil etgan.
Ikkinchi holatda esa, qo‘shni davlat fuqarosi 14 yoshli qizining kiyimi ostiga 40 ming AQSH dollarini yashirib, bojxona chegarasidan olib chiqishga uringan vaqtida to‘xtatib qolingan.
Bojxona qo‘mitasi voyaga yetmagan shaxsni qonunbuzarlikka jalb qilish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat ekanligini eslatdi. Hozirda har ikki holat yuzasidan bojxona surishtiruvi olib borilmoqda.
Avvalroq “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan olib kelingan 21 tonnadan ortiq “Efba” nomli osma dori vositasida jiddiy qonunbuzarlik aniqlangandi.

