Mahalliy

O‘zbekistonga 21 tonna qalbaki dorilarni olib kirishga urinish fosh etildi

Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 7,3 mlrd. so‘mdan oshadi.

O‘zbekistonga 21 tonna soxta dori vositalarini olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi.

"Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining "Aviayuklar" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan keltirilgan, og‘irligi 21 tonnadan ziyod bo‘lgan "Efba" osma dori vositasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish jarayonida jiddiy qonunbuzarlik aniqlandi.

Bojxona yuk deklaratsiyasida ushbu dori vositasi Hindistonda ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan edi. Biroq, ko‘rik davomida uning qadoqlari va yorliqlarida ishlab chiqaruvchi davlat va korxona nomi umuman aks ettirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur dori vositasini O‘zbekistonga import qilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining muvofiqlik sertifikati talab etiladi.

Yuk egalari sertifikat olishda namuna sifatida "Efba" dori vositasining Hindistonda ishlab chiqarilgan asl nusxasini taqdim etishgan va kontrafakt dori vositasini shu sertifikat bilan olib kirishni rejalashtirishgan.

"Efba" infuzion eritmasi tarkibidagi asosiy modda levofloksatsin bo‘lib, u kuchli ftorxinolon guruhiga mansub antibiotik hisoblanadi. Uning qalbakilashtirilishi juda xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Vaqtincha saqlovga olingan mazkur dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 7,3 milliard so‘mdan oshadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

uzbekistanlaw enforcementpharmaceuticalscrimecustomssmugglingcounterfeit medicineantibiotics