Toshkent prokuraturasi uyidan majburiy ko‘chirilganini bildirgan fuqarolar murojaatini nazoratga oldi

Toshkent shahar prokuraturasi Yakkasaroy tumanida uy-joyni majburiy bo‘shatish bilan bog‘liq mojaro yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatni nazoratga oldi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro Rustam Payanov va boshqalar o‘zlariga tegishli uydan majburiy ravishda chiqarib yuborilganini bildirib murojaat yo‘llagan. Shundan so‘ng Toshkent shahar prokuraturasi va hokimlik vakillari voqea joyiga chiqib, murojaat mualliflari hamda "Mega Logistics Service" MCHJ vakillari ishtirokida holatni o‘rgangan. Tomonlardan arizalar qabul qilib olingan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Avvalroq Toshkent shahar IIBB Yakkasaroy tumanidagi uy-joyni majburiy bo‘shatish vaqtida yuzaga kelgan mojaro tafsilotlarini ochiqlagan edi. Unga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qarori asosida uy egalari foydasiga 2 milliard 280 million so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘langan va ularning mulkka egalik huquqi tugatilgan.
Biroq uyda ro‘yxatda turgan Rustam Payanov va boshqalar to‘langan kompensatsiya miqdoridan norozi bo‘lib, ularga yana 1 milliard 135 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lanishi kerakligini bildirgan hamda uyni bo‘shatishdan bosh tortgan.
2026-yil 26-mart kuni majburiy ijro harakatlari vaqtida yuzaga kelgan mojaro chog‘ida 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. jamoat tartibini buzganlikda ayblanib, mayda bezorilik uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
Shundan so‘ng Rustam Payanov va boshqalar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari uydan majburiy chiqarib yuborilganini bildirib murojaat yo‘llagan. Endilikda mazkur murojaat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

