“Tolibon” yettita xususiy universitet faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi

“Tolibon” hukumati ostidagi Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi yettita xususiy universitetning faoliyatini bir yil muddatga to‘xtatdi, yana ikkita oliygohning litsenziyasini esa butunlay bekor qildi. Bu haqda Ariana News ma’lumot berdi.
Mazkur qaror bahorgi semestrda oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tekshiruv va baholash natijalariga asoslanib qabul qilingan. Universitetlarga avvalroq kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir necha bor ogohlantirishlar va tavsiyalar berilgan edi. Shunga qaramay, to‘qqizta xususiy universitetda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangan.
Faoliyati bir yilga to‘xtatilgan yettita universitet quyidagilar:
* Juzjon viloyatidagi “Barlos”;
* Balx viloyatidagi “Rahi Saadat” va “Turkiston”;
* Badaxshon viloyatidagi “Azhar” va “Barna”;
* Foryob viloyatidagi “Rashad”;
* Kobul shahridagi “Payam” universitetlari.
Bundan tashqari, Qunduz viloyatidagi “Ko‘handuz” hamda Taxor viloyatidagi “Xonayi Danesh” universitetlarining litsenziyalari bekor qilingan.
Oliy ta’lim vazirligi qoidabuzarliklar qatorida bir qancha asosiy omillarni sanab o‘tdi. Jumladan, oliygohlarda tegishli akademik va ma’muriy rahbarlikning yo‘qligi qayd etilgan. Shuningdek, hujjatlarda darslarga qatnashayotgani va jadvalga kiritilgan bo‘lsa-da, amalda darslarda umuman ishtirok etmagan “soxta talabalar” borligi aniqlangan.
Tekshiruvlar davomida semestrning dastlabki 10 haftasida davomat hisobini yuritmaslik, o‘qishdan chetlashtirilgan talabalarga yakuniy imtihonlarni topshirish va yuqori kurslarga o‘tishga noqonuniy ruxsat berish holatlari kuzatilgan. Vazirlik, shuningdek, ayrim universitetlarda amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur laboratoriya, asbob-uskuna va materiallar yetishmasligini, ularning vazirlik tasdiqlagan o‘quv dasturiga amal qilmayotganini ma’lum qildi.
Litsenziyasi bekor qilingan ikki universitetda davomatni soxtalashtirish holatlari aniqlangan. Unga ko‘ra, semestr davomida darslarga umuman kelmagan ayrim talabalar darsda bo‘lgan deb qayd etilgan.

