Mahalliy

“Talabalardan pul yig‘ishga yo‘l qo‘yilmaydi” – vazirlik Toshkentdagi bitiruv tadbiri bo‘yicha munosabat bildirdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidagi bitiruv tadbiri talabalarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan talabalardan biri 200 ming so‘mdan pul yig‘ilganini, ammo tadbirga kira olishmaganini aytmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirib, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Talabalardan pul yig‘ishga yo‘l qo‘yilmaydi” – vazirlik Toshkentdagi bitiruv tadbiri bo‘yicha munosabat bildirdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan bitiruv tadbiri talabalarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

**“200 ming so‘mdan bergandik”**

Kun.uz nashriga murojaat qilgan talabalar tadbirga kira olmaganliklarini va tadbirda qatnashish uchun pul berganliklarini ma’lum qildi.

“Talabalar 200 ming so‘mdan pul berib, tashrif buyurgandi. Na pulimiz qaytarildi, na tadbir tashkil etildi. 70-80 mln so‘mga to‘y qilsa bo‘ladi. Afsuski, hayotimizda bir marta bo‘ladigan bakalavr bitiruv tadbiriga pul berib ham kirolmay qoldik. Kirganlar ham diplomini ololmay qolishdi: bo‘ldi, tugadi deb chiroqlarni o‘chirib qo‘yishdi”, deydi talabalardan biri.

**“Holat nazoratga olingan” – vazirlik**

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirib, dastlabki o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Universitet tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasida katta sig‘imli konsert zali mavjud emasligi hamda yozgi issiq ob-havo sharoiti inobatga olinib, bitiruv tadbirini yopiq binoda o‘tkazish maqsadida Kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyi tanlangan.

Tadbirni tashkiliy jihatdan o‘tkazish bo‘yicha tashabbus talabalar tomonidan bildirilgan bo‘lib, uni tayyorlash jarayonlarida bitiruvchilar ishtirok etgan. Tadbir uchun oldindan ishtirokchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Biroq tadbir kuni ro‘yxatda ko‘rsatilganlardan tashqari qo‘shimcha fuqarolar kelgani sababli zalning sig‘imi belgilangan me’yordan oshib ketgan.

Shu munosabat bilan zal ma’muriyati xavfsizlik talablariga muvofiq ishtirokchilar sonini cheklash choralarini ko‘rgan. Shundan so‘ng universitet rahbariyati bitiruvchilar uchun universitet hududida alohida tadbir tashkil etishga qaror qilgan. Viloyatlardan kelgan ota-onalarning joylashuvi ham ta’minlangan.

Vazirlik oliy ta’lim muassasalarida talabalardan har qanday ko‘rinishda majburiy mablag‘ yig‘ishga yo‘l qo‘yilmasligini qo‘shimcha qilgan. Bunday holat aniqlangan taqdirda mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan mazkur tadbirni tashkil etish va u bilan bog‘liq holatlar, jumladan bildirilgan e’tirozlar xizmat tekshiruvi doirasida o‘rganilmoqda. O‘rganish davomida barcha holatlarga, shu jumladan tashkiliy va moliyaviy jihatlarga huquqiy baho beriladi.

Vazirlik barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga talabalar ishtirokida o‘tkaziladigan tadbirlarni tashkil etishda xavfsizlik talablariga so‘zsiz rioya qilish, tashkiliy jarayonlarni puxta rejalashtirish, talabalar va ota-onalar uchun noqulayliklar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda har qanday tashabbuslarni amaldagi qonunchilik talablari asosida amalga oshirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berdi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Qayd etilishicha, holat vazirlik nazoratiga olingan. Xizmat tekshiruvi yakunlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.

safety violationsovercrowdinginvestigationstudent graduation eventtashkent state universitystudent complaintsforced feesministry of higher education