Talabalar turar joyiga qabul onlayn tarzda boshlandi
1 avgustdan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Arizalar my.gov.uz portali orqali qabul qilinib, dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar yotoqxonalarga joylashtiriladi.

Talabalar turar joylariga joylashish uchun onlayn ariza topshirish jarayoni start oldi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, talabalar 1-avgustdan boshlab elektron shaklda ariza yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dastlab imtiyozli toifadagi talabgorlar joylashtirilgach, qolgan bo‘sh o‘rinlar umumiy navbat asosida taqsimlanadi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, mavjud o‘rinlarning 55-65 foizi 1-kurs talabalari uchun, 15-20 foizi 2-kurs talabalari uchun, 20-25 foizi esa 3-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun ajratiladi.
Arizalar qabuli o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga tavsiya etilgan abituriyentlar esa qabulning yakuniy natijalari e’lon qilinganidan so‘ng ariza yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Yangi tartibga ko‘ra, talabalar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratildi. Endilikda talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari kompozit (birlashtirilgan) xizmat orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Elektron shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgach, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish xizmati ham avtomatik ravishda ishga tushadi va talabaga ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd varag‘i taqdim etiladi.

