Mahalliy

Oliy ta’limda talabalar bilimini baholash tartibi o‘zgarishi mumkin

O‘zbekistonda 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilinadigan talabalar uchun bilimni baholashning yangi tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini baholash tartibiga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda.

Taklif etilayotgan loyihaga ko‘ra, 100 ballik baholash tizimi o‘zgarishsiz qoladi. Bunda joriy nazoratga 30 ball, oraliq nazoratga 20 ball va yakuniy nazoratga 50 ball ajratiladi. Tibbiyot yo‘nalishlarida esa ballar boshqacha tartibda taqsimlanadi.

Professor-o‘qituvchilar har bir baholangan topshiriq yuzasidan talabaga kamida ikki-uch gapdan iborat izoh (fidbek) yozishlari majburiy bo‘ladi.

Yakuniy imtihonlar ovoz yozish va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkazilishi, videoyozuvlar esa kamida bir yil davomida saqlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, imtihonlarni oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlari orqali onlayn tarzda kuzatish imkoniyati ham yaratiladi.

Qaror loyihasida uch oy muddat ichida onlayn kuzatuv va kompyuterda imtihon topshirish platformalarini ishlab chiqish, shuningdek, har semestr yakunida talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun Brayl alifbosi, ovozli o‘qish va assistent yordami kabi moslashtirilgan imtihon shakllarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

higher educationeducation reformstudent assessmentgrading systemexam proceduresonline proctoringaccessibilityfeedback