Tataristonda dronlar hujumi sabab 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Tataristonning Nijnekamsk shahrida 10-avgust kuni uchuvchisiz uchar qurilmalar (dronlar) yordamida amalga oshirilgan hujum natijasida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Tatariston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan taqdim etilgan axborotga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida jami 13 kishi halok bo‘lgan va 39 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Halok bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining 7 nafar fuqarosi quyidagilar: A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F.
Ayni damda Bosh konsulxona ushbu vaziyatni nazoratga olgan. Hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida mahalliy mas’ul idoralar va tergov organlari bilan zarur aloqalar o‘rnatilgan. Vafot etgan fuqarolarning jasadlari sud-tibbiy ekspertiza va boshqa rasmiy jarayonlar yakunlangach, O‘zbekistonga qaytariladi.
Rasmiy manbalar hujum ishlab chiqarish va fuqarolik obyektlariga qaratilganini ma’lum qilgan, biroq boshqa qo‘shimcha tafsilotlar oshkor etilmagan. Tataristonda qurbonlar xotirasiga motam e’lon qilingan. Rossiya ushbu voqea yuzasidan "terakt" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Halok bo‘lganlar orasida Tojikiston fuqarolari ham borligi qayd etilgan.

