Tataristonda 13 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralandi
Rossiya regionlari bo‘ylab 450 dan ortiq dron hujum uyushtirgan. Tataristonda motam e’lon qilindi.

Tataristonda 13 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi
10-avgust kuni ertalab Ukraina dronlari Nijnekamsk shahriga hujum qildi. Tatariston rahbari Rustam Minnixanovning ma’lum qilishicha, ushbu hujum natijasida 13 kishi hayotdan ko‘z yumgan va 39 kishi jarohatlangan.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, "ishlab chiqarish va fuqarolik ob’yektlari nishonga olingan", biroq boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Respublikada motam e’lon qilingan. Nijnekamsk meri Radmir Belyayev qurbonlar orasida yosh bola ham borligini ta’kidlab, dronlar "nafaqat sanoat ob’yektlariga, balki turar joy sektoriga ham hujum qilganini" aytgan.
Ukrainaning Supenova+ va Exilenova+ Telegram-kanallari Nijnekamskdagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqani haqida xabar berib, shahar uzra ko‘tarilgan tutun aks etgan videoni e’lon qildi.
Astra nashrining taxminiga ko‘ra, "Sibur" holdingi tarkibiga kiruvchi Yevropadagi eng yirik neft-kimyo komplekslaridan biri bo‘lgan "Nijnekamskneftexim" korxonasi hujumga uchragan. Ushbu sanoat zonasida "Tatneft" (AO "TANeKO") neftni qayta ishlash zavodi va "TAIF-NK" neftni qayta ishlash kompleksi ham joylashgan. Nijnekamskdagi neft ob’yektlari avval ham Ukraina dronlari hujumiga uchragan edi.
Rossiya Mudofaa vazirligining hisobotida qayd etilishicha, tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning 16 ta regioni (shu jumladan Tatariston) va anneksiya qilingan Qrim uzra jami 456 ta Ukraina dronini urib tushirgan.
Hududiy rasmiylar ham urib tushirilgan dronlar haqida xabar berishdi. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar 70 dan ortiq dron to‘xtatilganini ma’lum qildi. Kaluga viloyati rahbari Vladislav Shapshaning xabarida esa region uzra 16 ta dron urib tushirilgani aytilgan. Bu xabarlarda vayrongarchiliklar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot berilmagan.
Sergey Sobyanin Moskva tomon uchayotgan 18 ta dron zararsizlantirilganini e’lon qildi.
Anneksiya qilingan Sevastopolda esa dron "parchalari qulashi oqibatida" Injir plyaji hududida yong‘in chiqqan. Plyaj kempingidagi odamlar evakuatsiya qilingan.

