Dunyo

Tailandda rossiyalik opa-uka oʻldirildi, mamlakat bosh vaziri uzr soʻradi

Tailandda rossiyalik aka-uka o‘ldirilishi ortidan mamlakat bosh vaziri uzr so‘radi. Bu haqda Thai PBS News xabar berdi.

22 yoshli Diana Nazimova va uning 17 yoshli ukasi Roman Tailandda o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng o‘ldirildi. Mamlakat bosh vaziri Anutin Chanvirakun ushbu fojiali hodisa uchun uzr so‘radi.

Nazimovlar aka-ukasi 2021-yildan buyon onasi bilan Pattayada yashab kelgan. Ular 26-iyul kuni ijaraga olingan mototsiklda uydan chiqib ketgan va shundan so‘ng qaytib kelmagan. 31-iyul kuni politsiya ikki mahalliy fuqaroni (sobiq mahkumlar) qo‘lga oldi. Ular qotillikni tan olib, rossiyalik aka-ukaning jasadlari yashirilgan joyni ko‘rsatdi.

Ayblanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular mototsiklni tortib olmoqchi bo‘lgan, biroq aka-uka qarshilik ko‘rsatgani uchun ularni o‘ldirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Roman otib o‘ldirilgan, Diana esa og‘ir tan jarohatlari oqibatida halok bo‘lgan. Olib qochilgan mototsikl esa qisman qismlarga ajratilib, qabriston yaqiniga ko‘milgan.

Fojiadan so‘ng bosh vazir Anutin Chanvirakun aka-ukaning jasadlari topilgan joyga tashrif buyurdi va tergovni shaxsan nazorat qilishini aytdi. U jinoyat Tailand obro‘siga jiddiy putur yetkazganini ta’kidlab, hukumat kelgusida bunday voqealar takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga va’da berdi.

Anutin Tailand qonunchiligiga ko‘ra o‘lim jazosi mavjudligini, ammo u sud hukmiga ko‘ra tayinlanishini aytdi.

“Agar sud bunday jiddiy holatda o‘lim jazosini tanlasa, axloq tuzatish departamenti va Tailand Qirollik politsiyasini nazorat qiluvchi hukumat qonuniy jarayonning amalga oshirilishini ta’minlashi kerak”, dedi u.

murderinvestigationcrimethailandrussian citizensprime minister apologydeath penaltypattaya