Rossiya Pavel Durovni xalqaro qidiruvga berdi

Rossiya Telegram asoschisi Pavel Durovni xalqaro qidiruvga berdi. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmatining (FXX) Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lum qildi.
Durovga nisbatan "terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish" moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Ushbu ayblov Ukraina maxsus xizmatlari Telegram’dagi mashhur "Dayvinchik" chatbotidan yosh rossiyaliklarni "diversion-terrorchilik faoliyatiga jalb etishda" foydalangani bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ilgari surilgan.
FXX xabarida aytilishicha, "Telegram ma’muriyati rahbari P. Durovga Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismida (terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish) nazarda tutilgan jinoyat belgilari bo‘yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida ayblov e’lon qilindi, u xalqaro qidiruvga berildi".
Idoraning ta’kidlashicha, 2025-yil iyul oyidan boshlab Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 46 nafar Rossiya fuqarosi qo‘lga olingan. Ular chatbot orqali yollangan. FXX ma’lumotlariga ko‘ra, ular "Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘iga binoan" huquq-tartibot idoralariga hujum qilishdan tortib, transport va aloqa obyektlariga o‘t qo‘yishgacha bo‘lgan turli harakatlarni amalga oshirgan.
Jinoiy javobgarlikka tortish yoshidagilarga ayblov e’lon qilingan va ularga uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. FXX ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari xodimlari go‘yoki qizlar niqobi ostida chatda yosh rossiyaliklar bilan tanishib, ulardan "kino chiptalari yoki fishing havolalari orqali sovg‘alar uchun pul so‘ragan, keyin esa pullar Ukraina Qurolli kuchlari hisob raqamlariga tushganini bildirib, hujumlar hamda o‘t qo‘yishlarga undash bilan shantaj qilgan".
"Dayvinchik" chatboti 2025-yil 23-dekabrda taqiqlangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgani uchun "Roskomnadzor"ning taqiqlangan saytlar yagona reyestriga kiritilgan. FXX Telegram messenjeri ma’muriyati ushbu chatbot va shunga o‘xshash kanallarni o‘chirmaganini ta’kidlamoqda. Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismiga ko‘ra, Durov 8 yildan 15 yilgacha yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

