Latviya Belarus bilan chegarani vaqtincha yopdi
Latviya Belarus bilan chegarada faoliyat yuritayotgan so‘nggi nazorat-o‘tkazish punktini vaqtincha yopdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi bu qaror texnik nosozliklar bilan izohlanganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, rasmiylar avvalroq Belarus tomonidan olib borilayotgan «gibrid migratsiya urushi» xavfi haqida ham ogohlantirgan edi.

Latviya Belarus bilan chegarani vaqtincha yopdi. Bu haqda Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara "texnik sabablarga ko‘ra" yopilgan. Dombrava hali Latviyaga qaytib ulgurmagan fuqarolarga mamlakatga kirish uchun boshqa yo‘nalishlardan foydalanishni tavsiya qildi.
Latviya Davlat chegara xizmati vakili Kristine Petersone "Paterniyeki – Grigorovshchina" nazorat-o‘tkazish punktida axborot tizimlarida yuzaga kelgan nosozliklar tufayli ish to‘xtatilganini bildirdi. Hozircha muammoni qachon bartaraf etish mumkinligi noma’lum.
Bir kun avval Yanis Dombrava Latviya fuqarolarini Belarusga safar qilmaslikka yoki u yerda bo‘lgan taqdirda tezroq mamlakatni tark etishga chaqirgan edi. Uning ta’kidlashicha, Belarus tomonidan amalga oshirilayotgan "gibrid migratsiya urushi" sharoitida ikki davlat o‘rtasida xavfsiz harakatlanish qiyinlashishi mumkin.
Shu bilan birga, qo‘shni Litvada ham chegara xavfsizligi bilan bog‘liq holatlar kuzatilmoqda. 28-iyul kuni Litva chegarachilari Belarus hududidan qazilgan yerosti tunnelini aniqlagan. Taxminan bir metr diametriga ega bo‘lgan tunnel Litva hududiga chiqishga ulgurmagan bo‘lsa-da, rasmiylar uni noqonuniy migrantlarni olib o‘tish uchun qurilgan deb hisoblamoqda.
Polshada esa 2025-yil davomida Belarus tomonidan qazilgan yerosti tunneli orqali 180 nafardan ortiq noqonuniy migrant mamlakatga kirgani qayd etilgan. Ularning qariyb 130 nafari ushlangan. Shuningdek, o‘tgan yili Polsha chegarachilari Belarus bilan chegarada shunday to‘rtta yerosti tunnelini aniqlagan.

