Mahalliy

Suyultirilgan gaz taʼminoti bilan bogʻliq murojaatlar nazoratga olindi — Energetika vazirligi

**Suyultirilgan gaz taʼminotidagi muammolar Energetika vazirligi nazoratiga olindi**

Oʻzbekistonda suyultirilgan gaz taʼminoti bilan bogʻliq shikoyatlar Energetika vazirligi tomonidan oʻrganilmoqda. Bu haqda vazirlik rasmiy xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyatining Quva tumanida aholiga suyultirilgan gaz ballonlari 100 kundan buyon yetkazib berilmayotgani haqida maʼlumot tarqalgan. Shu munosabat bilan vazirlik suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berishdagi kechikishlar, ularning toʻldirilishi va isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish sifati yuzasidan tekshiruv oʻtkazishini maʼlum qildi.

Shuningdek, gaz ballonlarini tarqatuvchi xodimlarning muomala madaniyati bilan bogʻliq holatlar ham oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.

Vazirlikning taʼkidlashicha, soʻnggi oylarda respublika hududlarida suyultirilgan gaz taʼminotida yuzaga kelgan muammolarni bosqichma-bosqich hal etish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda 3,7 million xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Soʻnggi yillarda ushbu tizim raqamlashtirilib, ancha tartibga solingan boʻlsa-da, gazni oʻz vaqtida yetkazib berish muammosi toʻliq hal etilmagan.

Avvalroq, prezident raisligidagi yigʻilishda suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va bu jarayonni Andijon viloyatidan boshlash taklifi maʼqullangan edi. Endi tadbirkorlar oʻzlari import qilgan yoki birjadan sotib olgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subyektlariga yetkazib berishlari mumkin boʻladi. Joriy yil boshidan buyon xususiy sektor tomonidan 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan. Shu bilan birga, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga suyultirilgan gaz uchun subsidiya berilishi belgilangan. Joriy yil yakuniga qadar bu borada “Andijon tajribasi” yaratilishi qayd etilgan.

Masʼullarga respublikada suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna oʻrniga 606 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Hozirda aholiga gaz standart hajmdagi 20 kilogrammli ballonlarda yetkaziladi. Holbuki, ayrim xonadonlarga oylik isteʼmol uchun 5-6 kilogramm yetarli boʻlsa, boshqa isteʼmolchilarga 30-40 kilogrammli ballon zarur. Shu sababli suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqilishi belgilangan.

andijon tajribasigaz ishlab chiqarishenergetika vazirligigaz ta'minotifarg‘ona viloyatisuyultirilgan gazgaz ballonlarixususiy sektor