Mahalliy

Gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalardagi isitish tizimi elektrga o‘tkazilishi mumkin

Gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalardagi isitish tizimi elektrga o‘tkazilishi mumkin

O‘zbekistonda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalardagi isitish tizimini elektr energiyasiga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu masala 27-iyul kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda 1 916 ta mahallaga tabiiy gaz yetib borishi qiyin. Mas’ullarga uch oy muddat ichida ushbu mahallalardagi isitish tizimini elektrga o‘tkazish uchun qancha infratuzilma va qo‘shimcha elektr energiyasi talab etilishini aniqlash vazifasi yuklatildi.

Davlat rahbari shunday dedi: “Xo‘jayev, Mustafoyev, hokimlar uch oyda bu mahallalardagi isitish tizimini elektrga o‘tkazish uchun qancha infratuzilma, qancha qo‘shimcha elektr talab etilishini hisob-kitob qilsin. Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar bo‘yicha dastur qilsin”.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. So‘nggi yillarda bu yo‘nalish raqamlashtirilib, ancha tartibga solingan bo‘lsa-da, suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazish bo‘yicha muammolar to‘liq hal etilmagan.

Suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va bu ishni Andijon viloyatidan boshlash taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev bu taklifni ma’qullab, shunday dedi: “Menga bu maʼqul. Endi tashabbuskorlar o‘zi import qilgan yoki birjadan olgan suyultirilgan gazni aholi va tadbirkorlarga yetkazishi mumkin bo‘ladi. Bunda ‘Ijtimoiy reyestr’ga kirgan oilalarga suyultirilgan gaz uchun subsidiya beriladi”.

Prezident “O‘zbekneftgaz” rahbari Abdug‘ani Sanginovga yil yakunigacha suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazishni topshirdi.

Prezident matbuot xizmati fotosi. Prezidentning ta’kidlashicha, “Hozirda suyultirilgan gaz aholiga standart hajmlarda, yaʼni 20 kiloli ballonda yetkazilyapti. Lekin ayrim xonadonlarga oylik isteʼmol uchun 5-6 kilogramm yetarli bo‘lsa, baʼzi isteʼmolchilarga 30-40 kiloli ballon kerak”.

Shu sababli suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimini xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish vazifasi berildi.

Yig‘ilishda prezident energetika sohasidagi muammo mablag‘da emas, balki tizimning boshqaruvida ekanligini ham ta’kidladi. Yangiyo‘l tumani elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirilishi ma’lum qilindi.

private sector energyenergy productionenergy subsidieselectric heating conversionnatural gas supplylpg supplyenergy infrastructureenergy sector management