Surxondaryoda qariyb 100 yillik Zarafshon archalari qo‘porib tashlandi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida qariyb yuz yillik Zarafshon archalari noqonuniy ravishda kesib tashlanganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 3-avgust kuni tumanning Sangardak mahallasidagi Uzun o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududda daraxtlarga shikast yetkazish va ularni qo‘porish holatlari aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 11 tupga yaqin, taxminan 100 yillik Zarafshon archasi ildizi bilan qo‘porib tashlangan. Ushbu harakatlar hech qanday ruxsatnomasiz, ekologiya xodimlarining ogohlantirishlariga qaramay amalga oshirilgan.
Hozirda Ekologiya milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ekologiya hududiy bosh boshqarmasi vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh mazkur holatni o‘rganmoqda. O‘rganishlar yakunlangach, yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, qonunbuzarlarga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Olot tumanida daraxtlarni noqonuniy kesib, tabiatga katta miqdorda zarar yetkazgan tadbirkordan 1,3 milliard so‘m undirilgani xabar qilingan edi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 121 tup daraxt noqonuniy kesilib, tabiatga 1 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan.

