Mahalliy

Surxondaryoda qo‘riqxona xodimlariga o‘q uzib qochgan brakonyerlarga jinoyat ishi ochildi

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan qo‘riqxonada inspektorlarga qarata o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgan uch nafar brakonyerga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, “Surxon” davlat qo‘riqxonasi xodimlari “Sherjon” bo‘limida kuzatuv olib borayotgan vaqtda ov qurollari bilan yurgan uch nafar shaxsni payqagan. Huquqbuzarlarga bir necha bor to‘xtash ishorasi berilganiga qaramay, ular qonuniy talabga bo‘ysunmagan. Aksincha, qo‘riqxona xodimlariga qarata o‘q uzib, o‘zlariga tegishli ryukzaklarni tashlagan holda voqea joyidan yashiringan. Tashlab ketilgan ryukzaklar tekshirilganda, ularning ichidan ikki bosh hayvonning nimtalangan go‘shtlari topilgan.

O‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida qochib ketgan huquqbuzarlarning shaxsi aniqlanib, to‘plangan barcha hujjatlar tuman IIBga taqdim etilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda tabiatga 387 million so‘m zarar yetkazgan brakonyerlar qo‘lga olingan edi. Boshqa bir holatda esa Sirdaryoda elektr qarmoq bilan baliq ovlaganlar tabiatga 500 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgandi.

uzbekistanlaw enforcementinvestigationpoachingenvironmental damagewildlife crimenature reserveshooting incident