Shayxontohurda 45 tup daraxt kesilib, 35 tup ko‘chat ruxsatsiz ko‘chirildi
Holat yuzasidan 10,3 mln so‘m ma’muriy jarima qo‘llangan. Shuningdek, tabiatga qariyb 50 mln so‘mlik zarar yetkazilgani hisoblangan.

Shayxontohur tumanida 45 tup daraxt kesilib, 35 tup ko‘chat ruxsatsiz ko‘chirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumani, Jarariq mavzesi 1A/V uy hovlisida 400 tup daraxt kesib tashlangani haqida xabar tarqalgach, Poytaxt ekologiya boshqarmasi ushbu holatga munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, mazkur hududda 400 tup daraxt mavjud bo‘lmagan. Green.tashkent.uz elektron daraxtlar bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda jami 112 tup daraxt ro‘yxatga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi voqea joriy yilning may oyi oxirlarida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan ekopolitsiyaning Shayxontohur tuman inspektorlari 1-iyun kuni voqea joyiga chiqib, o‘rganish ishlarini olib borgan.
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur yer maydoni 2017-yilda tadbirkor tomonidan sotib olingan va o‘sha vaqtda murojaatda tilga olingan daraxtlar mavjud bo‘lmagan. Keyinchalik bu manzilda yashovchi fuqaro S.D. shaxsiy mablag‘lari hisobidan 2–3 yillik mevali va manzarali daraxtlarni ekkan.
Shu bilan birga, fuqaro S.D. yollanma ishchilarni jalb qilgan holda 45 tup mevali va manzarali daraxtni noqonuniy ravishda kestirgan hamda 35 tup daraxt ko‘chatini belgilangan tartibga rioya etmagan holda Yangihayot tumani, Yangi Darxon MFY hududiga noqonuniy ko‘chirgan.
Mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan 10 mln 300 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilib, belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 49 mln 900 ming so‘m etib hisoblangan.
Shuningdek, 2026-yil 24-iyun kuni Ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida “Golden art house” MChJ hududida yana 3 tup daraxt tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborilgan.

