Toshkentda 45 tup daraxtni noqonuniy kesish holati aniqlandi
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 45 tup mevali va manzarali daraxtni noqonuniy kesish holati aniqlandi. Qonunbuzarlik uchun mas’ul fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi, tabiatga yetkazilgan zarar esa qariyb 50 million so‘mga baholandi.

Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, Toshkentda 45 tup daraxt noqonuniy kesilgani aniqlandi.
Tekshiruvlar Jarariq mavzesidagi hovlida 400 ga yaqin daraxt kesilgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar ortidan o‘tkazilgan. Biroq, tekshiruvlar davomida bu ma’lumotlar tasdiqlanmadi. green.tashkent.uz elektron daraxtlar bazasiga ko‘ra, ushbu hududda jami 112 tup daraxt ro‘yxatga olingan.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, bu yer maydoni 2017-yilda tadbirkor tomonidan sotib olingan, keyinchalik esa shu manzilda yashovchi fuqaro o‘z mablag‘i hisobidan 2–3 yillik mevali va manzarali daraxtlar ekkan.
Shuningdek, ushbu fuqaro yollanma ishchilarni jalb qilgan holda 45 tup daraxtni noqonuniy kesib tashlagani va 35 tup ko‘chatni belgilangan tartibga rioya qilmasdan Yangihayot tumaniga ko‘chirgani aniqlangan.
Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga muvofiq 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qarori asosida tabiatga yetkazilgan zarar 49 million 900 ming so‘m etib hisoblangan.
Bundan tashqari, 24-iyun kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirlari chog‘ida MChJ hududida yana 3 tup daraxt tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

