Suriya AQSH sanksiyalarni bekor qilishi uchun Rossiya nefti importini kamaytirishga rozi bo‘ldi — Reuters

Suriya AQSH sanksiyalarini bekor qilish evaziga Rossiya nefti importini qisqartirishga rozi bo‘ldi, deya xabar beradi Reuters.
Uchta manbaning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, Suriya AQSH bilan so‘nggi yirik sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda va buning evaziga Damashq Rossiya neftining importini sezilarli darajada kamaytirishga rozi bo‘lgan.
Bu qaror Suriyaning energetika siyosatida katta o‘zgarishni anglatadi, chunki mamlakat G‘arb bilan yaqinlashayotganiga qaramay, hozirgacha Rossiya neftiga juda bog‘lanib qolgan edi. Ekspertlarning fikricha, bu qadam AQSH uchun Rossiyaning Suriyadagi iqtisodiy ta’sirini kamaytirishning yangi usuli hisoblanadi.
So‘nggi oylarda Suriyaning yuqori martabali rasmiylari AQSH vakillariga Rossiya nefti importini kamaytirishga tayyor ekanliklarini bildirganlar. Buning evaziga ular Vashingtondan Suriyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishni so‘ramoqda. Bu ma’lumotni vaziyatdan xabardor suriyalik manba, AQSH rasmiysi va yana bir manba tasdiqladi.
Manbalar Vashington neft hajmini kamaytirishni sanksiyani olib tashlashning qat’iy sharti qilib qo‘ymaganini ta’kidladi.
Arab markazi tahlilchisi Navvar Sabanning so‘zlariga ko‘ra, "Rossiya neftidan bir kechada voz kechib bo‘lmaydi. Aks holda Suriyada yonilg‘i tanqisligi yuzaga keladi yoki uni sotib olish narxi oshadi. Uzoq muddatli ta’sir Vashingtonning Suriyaga muqobil variantlar taklif qilish-qilmasligiga bog‘liq".
Saban qo‘shimcha qilishicha, Vashington Rossiyaga Suriyada siyosiy mavqeyini yo‘qotgach, iqtisodiy ta’sirini saqlab qolishga imkon berayotgan tarmog‘iga zarba bermoqda.
**Neft manbalarini diversifikatsiya qilish**
Reutersning savollariga Suriya va Rossiyaning Tashqi ishlar hamda Energetika vazirliklari javob bermadi. AQSH Davlat departamenti rasmiysi Vashington Suriyani qayta tiklash jarayonida ishonchli hamkorlarni, ayniqsa, Amerika kompaniyalarini jalb qilishga undayotganini bildirdi.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Suriyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishini kutmoqda. Oq uy rasmiysi esa neft importini kamaytirish va sanksiyalarni bekor qilish o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik yo‘qligini aytdi.
Suriya 1979-yildan beri terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatida turibdi. Sobiq yetakchi Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgach, Donald Tramp ma’muriyati va AQSH Kongressi asosiy sanksiyalarni bekor qilgan edi. Amalda esa oxirgi yirik cheklovlar qolgan.
Suriyalik manbaning so‘zlariga ko‘ra, AQSH rasmiylari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatish sanksiyani tezroq va muammosiz olib tashlashga yordam berishini aytgan. Suriya esa bu ro‘yxatdan chiqarilsa, energiya manbalarini diversifikatsiya qila olishini ta’kidlagan.
**Mavjud muammolar**
Aksariyat G‘arb sanksiyalari olib tashlanganiga qaramay, Suriya uchun neft sotib olish imkoniyatlari hali ham cheklangan. 2026-yilda Rossiyaning Suriyaga neft yetkazib berishi 75 foizga oshib, kuniga 60 ming barrelga yetdi. Bu Rossiya eksportining kichik qismi bo‘lsa-da, mamlakat Suriyaning eng yirik neft yetkazib beruvchisiga aylangan.
"Bugun Suriya Rossiya neftiga ehtiyoj yuzasidan bog‘lanib qolgan. Suriya rasmiylari AQSHga: 'Sanksiyani olib tashlang, biz neftni boshqa joydan sotib olamiz. Hozircha bizda boshqa chora yo‘q', deb javob berishmoqda", deydi suriyalik manba.
Avvalroq Rossiya Suriyadagi harbiy bazasida logistika markazi qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

