Siyosat

Rossiya gazi va neftini sotib oluvchi davlatlarga sanksiya qo‘llanishi mumkin — WSJ

Rossiya gaz va neftini xarid qiluvchi davlatlarga sanksiyalar qo‘llanishi mumkin — WSJ

AQSH Rossiya nefti va tabiiy gazining eng yirik beshta xaridoriga qarshi bojlar joriy etishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal yangilangan sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga tayanib xabar berdi.

Ushbu loyiha mualliflaridan biri 12-iyul kuni vafot etgan senator Lindsi Gremdir. Hujjat AQSH prezidentiga, avvalo, Xitoy va Hindistonga qarshi 100 foizgacha bojlar joriy etish huquqini beradi.

Bojlar Rossiya energiya manbalarini yetkazib berishga yordam beradigan mamlakatlar va shaxslarga ham qo‘llanilishi mumkin. Rossiya neftining eng yirik beshta xaridori Xitoy, Hindiston, Slovakiya, Vengriya va Ozarbayjon hisoblanadi. Rossiya tabiiy gazining eng yirik xaridorlari esa Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Vengriya va Belgiyadir.

Qonun loyihasining yangi tahririda maxsus istisno ko‘zda tutilgan. Agar biror mamlakat o‘z iste’mol qiladigan gazning 15 foizidan kamroq qismini Rossiyadan import qilsa va bu qaramlikni kamaytirish uchun faol choralar ko‘rayotgan bo‘lsa, u boj xavfidan ozod etiladi. Bu qoida Yaponiya, Fransiya, Vengriya va Belgiyaga nisbatan bojlar qo‘llanmasligini ta’minlashi mumkin.

Shuningdek, hujjat Rossiya mudofaa, energetika va moliya tashkilotlari hamda Rossiyaning “soya floti”ga qarshi sanksiyalarni ham nazarda tutadi.

“Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, bu Kongress bojxona bojlaridan ilk bor geosiyosiy qurol sifatida foydalanishga ruxsat bergan holat bo‘ladi”, deya ta’kidlaydi The Wall Street Journal bilan suhbatlashgan tahlilchilar.

Avvalgi paytlarda bojlar faqat adolatsiz savdo siyosatiga qarshi kurash vositasi sifatida ishlatilgan. Reuters sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasining ushbu yangi versiyasini “yumshatilgan” deb atadi, chunki 2025-yil aprel oyida taqdim etilgan dastlabki variantda Rossiya nefti va gazini xarid qiluvchi mamlakatlardan AQSHga import qilinadigan mahsulotlar uchun 500 foizlik o‘ta yuqori bojlar joriy etilishi ko‘zda tutilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga yetkazib beriladigan gaz hajmi, 2025-yildagiga nisbatan 40 foizdan ko‘proqqa, ya’ni 10 mlrd kub metrdan oshishi mumkin. Rossiya O‘zbekistonga gazni Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi O‘rta Osiyo — Markaz magistral gaz quvurlari tizimi orqali yetkazib bermoqda va eksport hajmini oshirishda davom etmoqda.

sanksiyalarxitoyhindistonrossiyaneftgazbojlaraqsh