Dunyo

Sudanda sud binosiga qilingan dron hujumi oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi

Sudanning Darfur viloyatida fuqarolik sudiga qilingan dron hujumi natijasida kamida 35 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda "Al Arabiya" inson huquqlari tashkiloti "Emergency Lawyers"ga tayanib xabar berdi.

Mamlakatdagi zo‘ravonliklarni hujjatlashtiruvchi "Emergency Lawyers"ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2-avgust kuni tushdan keyin dronlar Shimoliy Darfur shtatining Al-Zaviya Gara qishlog‘idagi fuqarolik sudi binosini nishonga olgan. Bu obyekt mintaqada ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tinch aholi muassasasi hisoblanadi.

Guruh o‘z bayonotida shunday deydi: "Tinch aholi va fuqarolik obyektlariga hujum qilish xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol ravishda buzilishidir".

Ular ushbu holat yuzasidan tergov o‘tkazishni talab qilmoqda. Sudan armiyasi bu boradagi izoh so‘rovlariga javob bermadi.

Sudanda 2023-yil aprel oyida harbiylashtirilgan "Tezkor yordam kuchlari" va Sudan armiyasi o‘rtasida keng ko‘lamli fuqarolar urushi boshlangan. Armed Conflict Location & Event Data ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolarda kamida 59 ming kishi halok bo‘lgan. Insonparvarlik tashkilotlari bu raqam kamaytirib ko‘rsatilganini va haqiqiy talafotlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Mamlakatdagi janglarda dron urushi asosiy usulga aylandi, har ikki tomon ham bir-biriga dronlar bilan zarbalar bermoqda. BMTning ma’lum qilishicha, dronlar hozirda Sudanda o‘limning asosiy sababchisi hisoblanadi.

2026-yilning dastlabki to‘rt oyida tinch aholi o‘limining 80 foizi aynan dron zarbalariga to‘g‘ri kelgan. Avvalroq Xitoy Sudanning 50 million dollarlik qarzidan voz kechgani haqida xabar berilgandi. Ushbu kelishuv Sudan armiyasi va "Tezkor yordam kuchlari" o‘rtasidagi urush boshlanganiga 3 yil bo‘lgan bir paytda imzolandi.

international humanitarian lawdarfurdrone attackhuman rightsmilitary conflictsudancivilian casualtiescivil war