“Standartlar blogerga ham, amaldorga ham birdek ishlashi kerak”. Mansabdorlar ishi nega yopiq ko‘rilyapti? Mavzu muhokamasi
Oxirgi yarimyillikda poytaxtning o‘zida 700 nafardan ziyod mansabdorning korrupsion jinoyati sudda ko‘rib chiqilgan. Ayni vaqtda, O‘zbekistonda yana bir necha mansabdor ham shunday jinoyatlarda ayblanmoqda, ammo ishlar yopiq ko‘rilyapti. Gazeta bu mavzuni sud vakili va huquq faoli bilan muhokama qildi.

"Standartlar blogerga ham, amaldorga ham birdek ishlashi kerak". Mansabdorlar ishi nega yopiq ko‘rilyapti? Mavzu muhokamasi
So‘nggi bir yil ichida O‘zbekistonda ayrim sohalar tizimi yana bir bor keng qamrovli tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu davr mobaynida o‘nlab yuqori lavozimli shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi.
Xususan, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Davlat aktivlari agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqov hamda 90 million dollar zarar ko‘rilgani aytilayotgan Koreya ishiga aloqador Davlat xavfsizligi xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasining sobiq boshlig‘i Alijon Ashurovning jinoyat ishlari sudlarda ko‘rila boshlandi.
Biroq, sudlar qonun bilan muhofazalangan ma’lumotlar mavjudligi sababli jarayonni yopiq tarzda ko‘rishga ajrim chiqardi. Bu shuni anglatadiki, ushbu amaldorlarning sudlanish jarayoni jamoatchilikka oshkor etilmaydi. Ayrim huquqshunoslar va faollar bu holatni ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga zid deb baholab, sudlarning ochiq o‘tkazilishini yoqlamoqdalar.
Gazeta navbatdagi suhbatda sud ishlari doirasida jarayon qonunchilikning aynan qaysi bandlari bilan yopiq ko‘rilayotgani, demokratik davlatlarda teskari tendensiya kuzatilayotgan bir paytda bu sabablar qanchalik asosli ekani hamda bunday ishlar qachondan ochiq ko‘rilishi mumkinligini muhokama qildi. Suhbatda Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov hamda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov ishtirok etdi.
Videoni to‘liq holda YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Suhbatning qisqartirilgan matni esa quyida keltiriladi.
Rasmiy vakil Tursunali Akbarovning ma’lumot berishicha, 2026-yilning birinchi yarmida Toshkent shahar sudlari tomonidan 451 ta jinoyat ishi bo‘yicha 727 nafar mansabdorga hukm o‘qilgan. Ulardan 3 nafari oqlangan, qolganlariga aybdorlik darajasidan kelib chiqib jazo belgilangan.
"Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan 18 nafar shaxsga nisbatan 15 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Shundan sudlanuvchilarning bir nafari oqlangan, 17 nafariga qonun doirasida sud hukmi bilan jazo tayinlangan. Jazo tayinlanganlarga qo‘shimcha 45-modda (Muayyan huquqdan mahrum qilish) ham qo‘llangan. Ya’ni bunda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxs ma’lum muddat, deylik, uch yilgacha ishlash huquqidan ham mahrum bo‘ladi", – deydi Akbarov.
Korrupsion jinoyatlar turkumi ancha kengaygan. Ilgari faqat ishlar Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) va 211-moddasi (Pora berish) atrofida bo‘lgan bo‘lsa, endilikda:
"15 ta modda korrupsion jinoyatlar turkumiga kiritilgan bo‘lsa, yilning ilk olti oyida Toshkent shahrining o‘zida 451 ta jinoyat ishi bo‘yicha 727 nafar shaxsga nisbatan shunday ishlar ko‘rib chiqilgan. Bu – sudga kelib tushgan ishlar, tergovdagilarga biz aralashmaymiz. Gumondor yoki ayblanuvchi maqomidagi shaxslar tergov organida, hali sudga chiqmagan bo‘ladi. Sudga chiqqanlar bo‘lsa, sudlanuvchi hisoblanadi", – dedi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, hukm chiqarilgan amaldorlarning 68 nafari ayollar, 180 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar, 27 nafari 60 yoshdan o‘tganlar va 10 nafari chet el fuqarosi hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 55-moddasiga muvofiq bir nechta holatlar uchun jazo yengillashtirilishi belgilangan. Tursunali Akbarov, shunga asosan, yetkazilgan zararni qoplagan mansabdorlarga ozodlikdan mahrum qilish emas, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish yoki jarima qo‘llanganini aytib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, ularning soni ancha. Suhbat davomida bu raqam oshkor qilinmadi.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, amaldorlar jinoyati bilan bog‘liq ishlar faqat hozir emas, balki anchadan beri yopiq tarzda ko‘rib kelinadi. Faolning fikricha, jarayon huquqiy emas, ijtimoiy-siyosiy jihatdan kvalifikatsiya qilinmoqda.
"Bunga misol tariqasida Rashidjon Qodirov (sobiq bosh prokuror – tahr.) boshchiligidagi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizligi xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev darajasidagi ishlarni aytish mumkin. Umuman, vazirlar, hukumat a’zolari ishtirokidagi ishlarning deyarli hammasi yopiq ko‘rilgan.
Rasmiylar davlat siri yoki boshqa vajlar bilan sudlar yopiq o‘tganini asoslaydi, lekin bu aslida hukumat iddao qilayotgan ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik siyosatiga unchalik ham mos kelmaydi".
"“Ofis ishi"ni olaylik, unda ham taniqli bor edi. Masalan, Prezident administratsiyasi xodimi [Komil] Allamjonovga nisbatan qandaydir hodisalar bo‘lgandi, lekin bu ishlar ham yopiq o‘tdi. Ayni kunda Ichki ishlar vazirligining 30 ga yaqin amaldori ayblanyapti. Bularning ishi ham go‘yoki davlat sirlari bilan bog‘liq sabablar bilan yopiq ko‘rilyapti".
"Bu yerda maqsad vositani oqlamayapti. Nima uchun? Chunki shaffoflik nuqtai nazaridan davlat yoki korporativ sirlar chiqishi mumkin bo‘lgan joylarni sud ajrim qilib, alohida yopiq tarzda, qolganini esa ochiq ko‘rishi ham mumkin edi", – deydi Tashanov.
Suhbatdosh qonun bilan muhofazaga olingan ma’lumotlar ochilmasligiga hech kimning qarshiligi yo‘qligini, ammo bu sud majlisining to‘lig‘icha yopiq ko‘rilishiga asos bo‘lmasligini bildirdi. Uning fikricha, ayni holatdan manfaatdor taraflar bo‘lishi mumkin.
"Keyingi paytlarda yana bitta tendensiya ketyapti: advokatlarimizning o‘zlari mijozlari bilan kelishgan holda go‘yoki „sudlanuvchilar jamoatchilikka ko‘rinish berishni xohlamayapti“ degan vaj bilan iltimosnoma kirityapti va sudlar ham xuddi bahona kerakdek jarayonni yopib qo‘yyapti. Lekin bu aslida korrupsiyaviy jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning juda uzviy huquqlari emas, ya’ni bunda jamoatchilikning huquqi ustuvorroq. Ular bizning soliqlarimiz evaziga bola-chaqa boqqan; bizning nonimizni o‘g‘irlagan, cho‘ntagimizga qo‘l tiqqan. Shuning uchun biz ularning sud ishini ochiq kuzatishimiz kerak", – dedi respondent.
Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov Abdurahmon Tashanovning fikrlariga nisbatan "tafakkurdan ko‘ra tasavvurlarga asoslanib gapirilayotganini" aytib, raddiya bildirdi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga binoan sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi, davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlarga oid ishlar bundan mustasno.
Tursunali Akbarovning aytishicha, sudning yopiq o‘tishi bo‘yicha ajrim chiqarilgach, u muhokama qilinmaydi, unga nisbatan faqat shikoyat kiritish mumkin.
"Sudning yopiq o‘tishi haqida sudya ajrim chiqarishdan avval taraflarning shu mazmunda tushgan iltimosnomasini taraflar ishtirokida muhokama qilib, keyin qabul qiladi. Hozirgi kunda Toshkent shahrida jamoatchilik e’tiboridagi 4 ta sud ishlari ko‘rib chiqilyapti. Shulardan birinchisi – ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va boshqalarga oid ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudi sudyasi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi binosida ko‘rilyapti. Ikkinchisi – jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmalxon Ortiqov va boshqalarga oid ish. Uchinchisi – jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida Alijon Ashurov va boshqalarga oid ish. To‘rtinchisi – “O‘zbekneftgaz"ning sobiq rahbari va boshqalarga oid sud ishi. Bu “O‘zbekneftgaz” mansabdorlariga nisbatan ko‘rilayotgan ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilyapti. Qolgan uchtasi yopiq. Lekin uchalasining ham muhokamasi ochiq sud majlisida bo‘lib o‘tgan", – deydi Akbarov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi mansabdorlari, jumladan, Bekmurod Abdullayevga oid ishning hajmi 368 jildni tashkil etadi, undagi yetkazilgan zarar miqdori katta (qanchaligi ochiqlanmadi). 30 nafar sudlanuvchidan 19 nafariga qamoq, qolganlarga garov, tilxat, munosib xulq-atvorda bo‘lish kabi ehtiyot choralari qo‘llangan.
Ayni jinoyat ishi yopiq ko‘rilishiga 3 ta asosiy sabab keltirilmoqda: bunga davlat xaridlari, jazoni ijro etish muassasalari, qolaversa, shaxsga doir ma’lumotlar borligi sabab bo‘lgan. Advokatlarning iltimosi muhokama qilingach, sudya ishni yopiq ko‘rish bo‘yicha ajrim chiqargan.
Akbarov buni asosli deb bilishini ta’kidladi.
"Xohlaymizmi-yo‘qmi, yopiq ma’lumotlar oshkor etilishi davlatning ham, jamiyatning ham manfaatlariga putur yetkazishi mumkin", – dedi sud vakili.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq rahbari Akmalxon Ortiqovga oid ish esa yopiq auksionlar bilan bog‘liq, undagi ma’lumotlar ham oshkor qilinmasligi asosiy sabab sifatida ko‘rsatildi.
"Bilasizlar, yopiq auksion o‘tkazilishining o‘ziga yarasha qonuniy tartiblari bor. Bu yerda ham ma’lumotlar yopiqligi bo‘ladi. Qolaversa, yopiq auksionlar davlat strategik ahamiyatiga ega, xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq obyektlarga oid ish hisoblanadi. Qolaversa, bu auksionlarda faqat avvaldan ma’lum bo‘lgan, belgilangan shaxslargina ishtirok etadi. Demak, bu yerda ma’lumotlarni muhofaza qilish masalasi ham bor. Shundan kelib chiqib, bu ish ham yopiq sud majlisida ko‘rilishi belgilangan", – dedi Akbarov.
Rasmiyning ta’kidlashicha, migratsiyaga oid jinoyat ishi alohida ish yurituviga olingan, 4 nafar sudlanuvchiga nisbatan alohida tergov qilinib, shundan so‘ng ish hujjatlari sudga oshirilgan. Bunda pora olish (210-modda)dan tashqari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda) alomatlari borligi ham ko‘zda tutilgan.
"Bilasizlar, hamma davlatda, jumladan, bizda ham harbiy sohaga oid ma’lumotlar yopiq ma’lumot hisoblanadi va bu qonun bilan muhofaza qilinadi. Mana shu asoslardan kelib chiqib, uchala sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha olib borilayotgan sud majlislari yopiq shaklida o‘tkazilishi belgilandi. Bu – qonun talabi", – dedi Akbarov.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

