Mahalliy

Soliq mas’ullarining 5,2 mlrd so‘mlik «ishi» oshkor bo‘ldi

Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Soliq idorasi xodimlarining 5,2 milliard so‘mlik "ishlari" fosh etildi.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlar va soliq hisoblamagan soliqchilar aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Soliq qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, 6 ta MChJning mas’ul shaxslari va boshqalar 32,6 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini budjetdan qaytarib olgan. Shuningdek, ular 195,9 milliard so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, savdodan tushgan pullarni bankka topshirmagan holda savdo qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzgan va 42,5 milliard so‘mlik soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan.

Tekshiruv davomida Toshkent viloyati soliq boshqarmasi mas’ul shaxslari tomonidan mazkur MChJlarda o‘tkazilgan audit tekshiruvlarida 5,2 milliard so‘m soliqlarni hisoblamasdan tekshiruv dalolatnomalari rasmiylashtirilgani aniqlangan. Bu harakatlar natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

korrupsiyatergovtoshkent viloyatidavlat budjetiiqtisodiy jinoyatsoliqmchjsoliqdan bo'yin tovlash