Mahalliy

Toshkentda 5 mlrd so‘mga yaqin budjet pullari keshbek sifatida talon-toroj qilindi

Prokuratura departamenti va soliq qo‘mitasi tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Toshkentda qariyb 5 milliard so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari keshbek tizimi orqali o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, poytaxtda 4,7 milliard so‘m budjet puli keshbek sifatida talon-toroj qilingan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda "G.M." MChJ mas’ul shaxslari kompyuter texnikasidan foydalanib, go‘yoki 76,2 milliard so‘mlik mahsulotlar sotib olingani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgan. Ular savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida soxta xarid cheklarini chiqarganlar. Bu cheklar Telegram orqali ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan 2 475 nafar shaxsga 70-150 ming so‘mdan sotilgan. Natijada, Soliq Mobile ilovasi orqali 7,5 milliard so‘m keshbek hisoblangan va shundan 4,1 milliard so‘m to‘lab berilib, budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Shunga o‘xshash holat Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham aniqlangan. "E.G." va "I.F." MChJlarning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, kompyuter texnikasidan foydalangan holda go‘yoki 10 milliard so‘mlik mahsulotlar xarid qilingani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirganlar. Ular savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida soxta xarid cheklarini chiqarganlar. Bu cheklar Telegram orqali ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan 1 812 nafar shaxsga 100-150 ming so‘mdan sotilgan. Natijada, Soliq Mobile ilovasi orqali 1 milliard so‘m keshbek hisoblangan va shundan 640,8 million so‘m to‘lab berilib, budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

tashkentembezzlementcriminal casetax committeebudget fraudcashback schemefake receiptssocial protection registry