Sirdaryoda «Kaptiva» yuk mashinasi bilan to‘qnashdi
YTHga yuk mashinasi qayrilib olish qoidasini buzgani sabab bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida yong‘in chiqib, «Kaptiva»dagi uch kishi halok bo‘lgan.

Sirdaryoda «Kaptiva» va yuk mashinasi ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi
9-avgust kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi «Paxtakor» MFY hududida og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda M-34 avtomobil yo‘lining Toshkent-Yangiyer yo‘nalishida sodir bo‘lgan to‘qnashuv natijasida kuchli yong‘in kelib chiqqani ko‘rsatilgan.
Kun.uz manbasining xabar berishicha, Mirzaobod tumanidagi xususiy kompaniyada ishlovchi Xitoy fuqarosi boshqaruvidagi SHACMAN rusumli yuk mashinasi yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan orqaga qayrilmoqchi bo‘lgan. Biroq, u birinchi bo‘lakda harakatlanib kelayotgan «Kaptiva» avtomobiliga yo‘l bermasdan burilgan va natijada to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
To‘qnashuvdan so‘ng «Kaptiva» darhol alanga ichida qolgan, voqea joyiga o‘t o‘chirish brigadalari chaqirilgan.
Ushbu hodisa oqibatida yengil avtomobilda bo‘lgan uch nafar shaxs – haydovchi va ikki yo‘lovchi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Yuk mashinasi haydovchisining ahvoli haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Ayni damda ushbu YTH yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmagan – tegishli idoralar Kun.uz’ning bu boradagi so‘rovlarini javobsiz qoldirmoqda.

