Mahalliy

Qamchiqda yuk mashinasi va Epica yonib ketdi

Qamchiq dovonida yuk mashinasi va yengil avtomobil butunlay yonib ketdi

Qamchiq dovonida joylashgan A-373 avtomobil yo‘lining 168-kilometrida, 2-avgust kuni soat taxminan 8:20 da, Toshkent-vodiy yo‘nalishida harakatlanayotgan Isuzu rusumli yuk avtomobilida nosozlik yuzaga kelgan. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Yuk mashinasi haydovchisi transport vositasini yo‘l chetiga to‘xtatgan. Shu paytda, xuddi shu yo‘nalishda ketayotgan Epica rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, to‘xtab turgan Isuzu yuk mashinasining orqa qismiga borib urilgan. To‘qnashuv natijasida yong‘in kelib chiqib, ikkala avtomobil ham butunlay yonib ketgan. Ushbu hodisaning videosi ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Epica haydovchisi va uning yo‘lovchisi yengil tan jarohatlari olgan. Ular yong‘in boshlanishidan oldin avtomobildan tushib qolishga muvaffaq bo‘lishgan va ularga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Samarqand viloyatining Urgut tumanida Cobalt va Spark avtomobillari to‘qnashib, Cobalt yonib ketgan edi. O‘sha hodisada hech kim jarohat olmagan, yong‘in FVV xodimlari tomonidan tezda o‘chirilgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

traffic safetyepicauzbekistaninjuriesroad accidentcar fireisuzuqamchiq pass