Sport

Sindorov Jyenevada Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs olib boradi

Bahs 25 noyabr-15 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Ular shaxmat toji uchun kurashadigan eng yosh shaxmatchilar sifatida tarixga kirishadi.

Sindorov Jyenevada Gukeshga qarshi shaxmat toji uchun kurashadi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov va hozirgi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi shaxmat toji uchun bellashuv Shveytsariyaning Jyeneva shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ushbu bahs 25-noyabrdan 15-dekabrgacha davom etadi. Bu vaqtda Gukesh va Sindorovlarning ikkalasi ham 20 yoshda bo‘ladi, shu tariqa ular jahon shaxmat toji uchun kurashgan eng yosh shaxmatchilar sifatida tarixga kirishadi.

FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anandning so‘zlariga ko‘ra, "Jahon chempionligi uchun o‘tkaziladigan uchrashuvga mezbonlik qilishga bir nechta davlat, xususan, Hindiston, AQSh va Kipr qiziqish bildirdi. Barcha takliflar sinchiklab ko‘rib chiqilganidan so‘ng FIDE uchrashuvni neytral hudud – turli xalqlar va madaniyatlarni birlashtirgan Jyeneva shahrida o‘tkazishga qaror qildi. Biz Shveytsariyada jahon shaxmat jamoatchiligini kutib olish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Mahalliy shaxmat muxlislari jahon darajasidagi partiyalarni jonli tarzda tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladilar, butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar esa oliy shaxmat unvoni uchun kechadigan bahsni onlayn tarzda kuzatishlari mumkin".

Sindorov aprel oyida Kiprda o‘tkazilgan da’vogarlar turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozongan edi. Gukesh esa 2024-yil dekabr oyida xitoylik Din Lijenni mag‘lub etib, jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

fidejahon chempionatisportshaxmatjavohir sindorovgukesh dommarajujyenevao‘zbekiston