Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Samarqandda saylanadi
So‘nggi 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor tashkilotga rossiyalik bo‘lmagan vakil rahbarlik qiladi

**Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Samarqandda saylanadi: Kirsan Ilyumjinov shaxmat olamini tark etishini e'lon qildi**
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) sobiq rahbari Kirsan Ilyumjinov shaxmat sohasidagi faoliyatini yakunlashini ma'lum qildi. U "Kommersant" nashriga bergan intervyusida tashkilot rahbarligi uchun bo'lib o'tadigan saylovlarda ishtirok etmasligini, o'z loyihalari bilan shug'ullanishini bildirdi.
Ilyumjinovning so'zlariga ko'ra, u shaxmat uchun barcha ishlarni amalga oshirgan: "1990-yillardagi bo'linishdan keyin shaxmat olamini birlashtirdim, bu sport turining Xalqaro olimpiya qo'mitasi tomonidan tan olinishiga erishdim. Saylovoldi jarayonlarini ko'z oldimga keltirib, bir suvga qayta tushishni istamasligimni angladim", — dedi u. U 64 yoshdaligi ramziy ma'noga ega ekanini qo'shimcha qilib, "Shaxmat taxtasidagi barcha kataklarni bosib o'tdim", — deya ta'kidladi.
Avvalroq FIDE prezidentligi uchun saylovda amaldagi rahbar Arkadiy Dvorkovich ham qatnashmasligini aytgandi. U Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro'yxatiga kiritilgani sababli "tashkilotni xatarga qo'ymaslik"ka qaror qilgan. "Kommersant" nashriga ko'ra, shu tariqa so'nggi 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor tashkilotga rossiyalik bo'lmagan vakil rahbarlik qiladi.
Ushbu lavozimga germaniyalik tadbirkorlar Vadim Rozenshteyn va Yan Henrik Byuttner, shuningdek, Qozog'iston shaxmat federatsiyasi rahbari hamda "Freedom Holding Corp." asoschisi Timur Turlov da'vogarlik qilmoqda. Saylov shu yilning sentyabr oyi oxirida Samarqanddagi FIDE Bosh assambleyasi doirasida o'tkaziladi.

