Ravshan Ermatov Kannavaroning O‘zbekiston milliy jamoasidagi kelajagi borasidagi savollarga nuqta qo‘ydi

Ravshan Ermatov Kannavaroning O‘zbekiston milliy jamoasidagi kelajagi haqida fikr bildirdi
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning lavozimida qolishi yoki ketishi masalasi sport jamoatchiligi orasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov “Championat.asia” nashriga bergan intervyusida bu masalaga aniqlik kiritdi.
“Fabio Kannavaro O‘FA bilan 2027-yilning oktyabr oyigacha amal qiluvchi shartnomaga ega. Jahon chempionatidan so‘ng murabbiylar shtabi tahliliy ishlarni olib bordi. Hozirda ularning qisqa muddatli ta’tili yakunlanmoqda. Iyul oyi oxiridan boshlab seleksiya ishlari va Osiyo Kubogiga tayyorgarlik jarayonlari davom etadi”, deya ma’lum qildi Ravshan Ermatov.
Ma’lumot uchun, Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etdi. Jamoa guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lib, turnirdagi ishtirokini erta tugatdi.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro 2025-yilning oktyabr oyida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi.

