Janubiy Afrika politsiyasi JCH-2026 da qatnashgan futbolchining vafoti yuzasidan tergov boshladi

Janubiy Afrika politsiyasi JCH-2026 da qatnashgan futbolchi Jeyden Adamsning vafoti bo‘yicha rasmiy tergov boshladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 25 yoshli futbolchining jasadi Keyptaun shahridagi Skotse Kloof hududidagi bir uyda topilgan. Hozircha uning o‘limi sabablari haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Politsiya hodisa bilan bog‘liq barcha holatlarni o‘rganmoqda.
Jeyden Adams yaqinda 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatida Janubiy Afrika terma jamoasi safida ishtirok etgan edi. U guruh bosqichidagi uchta uchrashuvda maydonga tushib, jamoasining mundial tarixida ilk bor pley-off bosqichiga chiqishiga muhim hissa qo‘shdi. Biroq, Kanada terma jamoasiga qarshi 1/16 final bahsida maydonga tushmagan.
Futbolchining kutilmagan vafoti Janubiy Afrika sport jamoatchiligini chuqur qayg‘uga solgan. Mamlakat futbolchilar uyushmasi, sport rasmiylari va ko‘plab futbolchilar Adamsning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, rasmiylar tergov yakuniga qadar uning o‘limi sabablari haqida turli taxminlar tarqatmaslikka chaqirdi.

