Shri Lankada sobiq politsiya boshlig‘i va mudofaa amaldori o‘lim jazosiga hukm qilindi

Shri Lankada sobiq politsiya boshlig‘i Pujit Jayasundara va Mudofaa vazirligining sobiq kotibi Xemasiri Fernando 2019-yilgi Pasxa bayramida sodir etilgan teraktlarning oldini olmaganliklari uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Reuters mahalliy OAVga tayanib xabar berdi.
Sud ularni teraktlar tayyorlanayotgani haqida yetarli razvedka ma’lumotlari mavjud bo‘lishiga qaramay, hujumlarning oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rmaganlikda aybdor deb topdi. Prokuraturaning ta’kidlashicha, ular hujumlar sodir bo‘lishi mumkinligidan xabardor bo‘lgan, ammo xavfsizlik choralarini kuchaytirish va tegishli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarmagan.
Bosh prokuratura har ikki sobiq amaldorga nisbatan 855 ta ayblov bandi kiritgan. Mahalliy News 1st telekanalining xabariga ko‘ra, Xemasiri Fernando 855 ta ayblovning 854 tasi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ayblovlar xizmat vazifasini jinoiy tarzda bajarmaslik, qotillikka ko‘maklashish, qotillik va qotillikka urinish holatlarini o‘z ichiga olgan.
Qayd etish joizki, 2022-yilda uch nafar sudyadan iborat Oliy sud hay’ati tomonidan ayni ayblovlar bo‘yicha ikki sobiq amaldor oqlangan edi. Bosh prokuror bu qaror qonunga zid ekanini bildirib, Oliy sudga shikoyat qilgan. Oliy sud quyi instansiya ayblanuvchilardan himoya dalillarini taqdim etishni talab qilmasdan ularni oqlash orqali huquqiy xatoga yo‘l qo‘ygan degan xulosaga kelib, ishni qayta ko‘rib chiqishni buyurgan. Yangi sud jarayoni 2026-yil mart oyida boshlangan.
Shri Lanka qonunchiligida o‘lim jazosi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, mamlakatda uzoq yillardan buyon qatl amalga oshirilmagan. Reuters’ga ko‘ra, o‘lim jazosi odatda umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi.
2019-yil 21-aprel kuni Shri Lankadagi uchta cherkov va uchta mehmonxonada ketma-ket portlashlar sodir etilgan. Hujumlar oqibatida 279 kishi halok bo‘lgan va qariyb 500 kishi yaralangan. Bu teraktlar mamlakatning yaqin tarixidagi eng qonli hujumlar sifatida qayd etilgan. Portlashlarda jarohatlanganlarning ko‘pchiligi oroldagi nasroniy ozchilik vakillari bo‘lgan. Politsiya hujumlarga aloqador barcha gumonlanuvchilarni qo‘lga olgan.
2024-yilda prezidentlikka saylangan Anura Kumara Dissanayake mazkur voqealar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun mas’ullarni javobgarlikka tortishga va’da bergandi.

