Pokiston Kashmirida politsiya 30 nafar namoyishchini otib o‘ldirdi

Pokiston nazoratidagi Kashmirda saylovlar paytida yuz bergan to‘qnashuvlarda kamida 30 kishi halok bo‘ldi, ularning o‘limiga politsiya o‘q uzishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Taqiqlangan “Avami harakat qo‘mitasi” (JAAC) ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya ularning tarafdorlariga qarata o‘t ochgan. Natijada 27-iyul kuni kamida 25 kishi, 28-iyul kuni esa yana 5 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
JAACning asosiy a’zolaridan biri Imtiaz Aslam video murojaatida politsiya bilan to‘qnashuvlarda tinch aholi vakillari va yoshlar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida harakat asoschisi Omar Nazir Kashmirining ukasi Usman Nazir hamda ikki nafar balujistonlik fuqaro bor. Shuningdek, yigirmaga yaqin kishi yaralangan.
JAAC matbuot kotibi SA Xonning ta’kidlashicha, Mirpur shahrida xavfsizlik kuchlari qurolsiz namoyishchilarga o‘q uzgan va dalillarni yo‘qotish maqsadida halok bo‘lganlarning jasadlarini olib ketgan. Uning aytishicha, ularda ko‘chalarda qonga belanib yotgan murdalar aks etgan foto va video dalillar mavjud.
Amnesty International inson huquqlari tashkiloti kuch ishlatilgani bo‘yicha tezkor, mustaqil va shaffof tergov o‘tkazishni talab qildi. Tashkilot, shuningdek, hududda internetni tiklashga hamda OAV va mustaqil kuzatuvchilarni hududga kiritishga chaqirdi.
Pokiston rasmiylari tinch namoyishchilar o‘ldirilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Mamlakat axborot vaziri Atta Tarar ushbu e’tirozlar va namoyishlarni Hindiston moliyalashtirayotganini da’vo qildi. JAAC vakili esa bu ayblovni rad etib, shunday dedi: “Bu yangilik emas: Pokistonda siyosiy yoki iqtisodiy huquqlarini talab qilayotgan odamlar ‘Hindiston tomonidan moliyalashtirilgan’ yoki ‘davlatga qarshi’ deb ataladi, Hindistonda ham xuddi shunday”.
2023-yilda tashkil etilgan JAAC tadbirkorlar, talabalar va fuqarolik jamiyati faollaridan iborat guruhdir. Ular mahalliy aholi uchun oziq-ovqat narxlarini arzonlashtirishni talab qilib keladi.
Guruh iyun oyidan beri mintaqaviy qonunchilik assambleyasidagi 53 ta o‘rindan 12 tasini bekor qilishni talab qilmoqda. Bu o‘rinlar o‘n yillar avval Hindiston nazoratidagi Kashmirga ko‘chib o‘tgan qochqinlar uchun ajratilgan edi.
JAAC ushbu ajratilgan o‘rinlar hudud tashqarisidagi odamlarga nomutanosib ravishda katta siyosiy ta’sir beradi deb hisoblaydi. Mintaqa Oliy sudi bu o‘rinlar konstitutsiyaviy tuzatishsiz bekor qilinmasligini bilgach, kelishmovchilik yana keskinlashgan edi.
Kashmir hududi bo‘yicha Hindiston va Pokiston o‘rtasida uzoq yillik nizolar mavjud. Har ikki mamlakat ham Kashmirni to‘liqligicha o‘ziniki deb hisoblaydi. Mintaqada zo‘ravonliklar ilgari ham sodir bo‘lgan.
Masalan, 14-iyul kuni JAAC a’zolari deyarli bir oy davomida to‘sib qo‘ygan yo‘llarni rasmiylar ochganidan keyin sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda kamida 9 kishi halok bo‘lgan va ko‘plab odamlar yaralangan edi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘llar to‘silishi sababli aholi oziq-ovqat, dori-darmon tanqisligi va transport cheklovlaridan aziyat chekkan.
Avval bir kunda o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovlar endi uch bosqichda bo‘lib o‘tadi. Ovoz berishning birinchi bosqichi 27-iyul kuni yakunlandi. Qolgan ikki bosqich 2-avgust va 10-avgust kunlariga belgilangan.
BBC xabariga ko‘ra, iyun oyi boshidan beri saylov zo‘ravonliklarida 40 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Ularning 34 nafari namoyishchilar, 6 nafari esa politsiya va harbiylashtirilgan kuchlar xodimlaridir. Tartibsizliklar sababli rasmiylar hududda mobil va internet aloqasini uzib qo‘ygan.

