Pokistonda jangarilar politsiya postiga hujum qildi: jami 26 kishi halok bo‘ldi

Pokistonda jangarilarning politsiya postiga hujumi oqibatida jami 26 kishi halok bo‘ldi.
29-iyul kuni Pokistonning shimoliy hududida qurolli jangarilar politsiya postiga hujum qildi. Reuters va Al Jazeera xabariga ko‘ra, dronlar va pistirmadan foydalanilgan ushbu hujumda kamida 11 nafar politsiya xodimi hayotdan ko‘z yumgan.
Bu, so‘nggi bir hafta ichida sodir bo‘lgan ikkinchi shunga o‘xshash hujumdir. Voqea kechqurun, Afg‘oniston chegarasiga yaqin joylashgan Xayber-Paxtunxva provinsiyasining Hangu tumanida yuz bergan. Bu hududda uzoq vaqtdan beri qurolli guruhlar faoliyat yuritib keladi. Tuman politsiya boshlig‘i Mujahid Husaynning ma’lum qilishicha, hujumchilar politsiyaning uchta avtomobilini yoqib yuborgan va yana birini olib qochgan.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, jangarilar dastlab postga kvadrokopterlarga o‘rnatilgan qo‘lbola portlovchi moslamalar bilan zarba bergan, so‘ngra pistirma uyushtirgan. Provinsiya politsiyasi boshlig‘i Zulfiqor Hamidning so‘zlariga ko‘ra, bir necha soat davom etgan otishmada 11 nafar politsiyachi va 15 nafar hujumchi halok bo‘lgan. Hozircha ushbu hujum uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat tufayli chegara hududlarida jangarilar faolligi sezilarli darajada oshgan. Ular asosan harbiylar va politsiyachilarni nishonga olmoqda. Islomobodning ta’kidlashicha, jangarilar Pokistondagi hujumlarni rejalashtirish va tayyorlash uchun Afg‘onistondagi xavfsiz boshpanalardan foydalanadi. Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati esa bu ayblovni rad etib, hodisani Pokistonning ichki muammosi deb ataydi.
Ushbu hodisadan avvalroq, 7-iyul kuni Balujiston provinsiyasida o‘nlab jangarilar tunda politsiya postiga hujum qilgan edi. Natijada yuzaga kelgan yirik otishmada 9 nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan. Shuningdek, hujumchilar sakkiz nafar politsiyachini o‘g‘irlab ketgan, biroq keyinchalik ularning barchasi xavfsizlik kuchlari tomonidan qutqarilgan.

