Peruning 15 yilga qamalgan sobiq prezidenti oqlanib ozodlikka chiqdi

Peruning sobiq prezidenti Ollanta Humala 15 yillik qamoq jazosidan oqlanib, ozodlikka chiqarildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Peru Konstitutsiyaviy sudi unga 2025-yilda korrupsiya aybi bilan berilgan hukmni bekor qildi.
2011-yildan 2016-yilgacha mamlakatni boshqargan Ollanta Humala 2025-yilda qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Unga 2006 va 2011-yillardagi saylov kampaniyalari uchun Venesuela prezidenti va Braziliyaning "Odebrecht" qurilish kompaniyasidan noqonuniy mablag‘ olganlik aybi qo‘yilgan edi.
Sobiq prezident hukm ustidan shikoyat qilishini bildirgan edi. Yaqinda Peru Konstitutsiyaviy sudi unga qarshi qo‘zg‘atilgan barcha jinoiy ishlarni haqiqiy emas deb topdi. Humala 31-iyul kuni kechqurun poytaxt Limadagi Barbadilo qamoqxonasidan ozod etildi. Uni qamoqxona tashqarisida ko‘plab tarafdorlari kutib oldi.
Sud qaroridan so‘ng Humalaning advokati Hulio Espinosa Goyena ijtimoiy tarmoqda bayonot berdi. Uning yozishicha, sud mijozining saylov kampaniyalari uchun olgan pullarini "pul yuvish jinoyati emas" deb topgan. Advokatning ta’kidlashicha, "Ayni paytda ishni ko‘rib chiqayotgan Jinoiy palata sud jarayonini yakuniy bekor qilishi va sobiq prezident Ollanta Humalani ozod etishi kerak".
Humala sudlangan paytda uning rafiqasi Nadin Erediya ham pul yuvishda aybdor deb topilib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Biroq u Braziliya elchixonasidan boshpana so‘rab, mamlakatdan xavfsiz chiqib ketgan. "Biz siyosiy va sud ta’qibi qurboni bo‘ldik", dedi Humala qamoqxona tashqarisida jurnalistlarga.
Humala "Odebrecht" kompaniyasi janjali bo‘yicha tergov qilingan to‘rt nafar Peru prezidentining birinchisi bo‘ldi. 2001-yildan 2006-yilgacha mamlakatni boshqargan Alexandro Toledo 2025-yilda 20 yildan ortiq muddatga qamalgan. U kompaniyadan 35 million dollar pora olganlikda ayblangan. Shuningdek, 1985–1990 va 2006–2011-yillarda prezident bo‘lgan Alan Garsiya 2019-yilda o‘zini o‘ldirgan. U "Odebrecht"dan pora olganlikda ayblanib hibsga olinish arafasida edi.
Sudda Humala va uning rafiqasi kompaniyadan 3 million dollar noqonuniy pul olganlikda ayblangan edi. Bu pul 2011-yilgi prezidentlik kampaniyasiga ishlatilgani aytiladi. Er-xotin Milliy partiyaga birgalikda asos solgan edi. Shuningdek, ular 2006-yilgi kampaniya uchun Venesuela rahbari Ugo Chavesdan 200 ming dollar olganlikda ayblangan. Ammo er-xotin har doim o‘zlarini siyosiy ta’qib qurboni deb bilgan.
Sobiq armiya zobiti bo‘lgan Humala 2000-yilda tanilgan edi. O‘shanda u o‘sha paytdagi prezident Alberto Fuximoriga qarshi qisqa muddatli harbiy isyon ko‘targan. 2006-yilda u prezidentlikka nomzodini qo‘ygan. Uning dasturi Venesuela rahbari Chavesning sotsialistik inqilobidan ilhomlangandi. Birinchi omadsiz urinishdan keyin Humala 2011-yilda yana nomzod bo‘ldi. Bu safar u mo‘tadilroq yo‘lni tanladi va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning siyosatiga taqlid qildi. Natijada u o‘ng qanot vakili Keyko Fuximorini — Alberto Fuximorining katta qizini mag‘lub etdi.
Uning qonuniy muammolari 2016-yilda vakolat muddati tugagach boshlandi. O‘shanda "Odebrecht" Lotin Amerikasi amaldorlari va siyosiy partiyalariga yuzlab million dollar pora berganini tan oldi. Ma’lumot o‘rnida, Peruda 29-iyun kuni ilk bor ayol kishi prezidentlikka saylangan. Hozirda mamlakatni Keyko Fuximori boshqarmoqda.

