Shimoliy Koreya aholiga it sho‘rvasini ichishni tavsiya qildi

Shimoliy Koreya aholiga jazirama issiqdan himoyalanish uchun it va tovuq go‘shtidan tayyorlangan sho‘rvalarni iste’mol qilishni maslahat berdi, deb xabar qildi Reuters.
Davlat ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan ushbu tavsiyalar mamlakatda havo harorati 6-avgust kuni 36,7 darajaga yetganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich Shimoliy Koreyada ob-havo kuzatuvlari boshlanganidan beri qayd etilgan eng yuqori harorat hisoblanadi.
Hukmron Koreya Mehnat partiyasining "Rodong Sinmun" gazetasi 2-avgust kuni Pxenyan bosh shifoxonasi shifokorining jaziramada ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi. Unda organizmni salqinlashtiruvchi mahsulotlar, jumladan, tarvuz, bodring va mosh, shuningdek, it go‘shtidan sho‘rva, baliq va qizil loviyadan tayyorlangan bo‘tqa kabi "to‘yimli taomlar" tavsiya etilgan.
Gazeta it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rvani yozgi an’anaviy taom sifatida alohida ta’kidlab, "Yozning issiq kunlarida it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva oyoqqa to‘kilib ketsa ham, davo bo‘ladi", deya yozgan.
2016-yil boshida Shimoliy Koreyada it go‘shtidan taom tayyorlash bo‘yicha respublika tanlovi ham o‘tkazilgan edi. 5-avgust kuni Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) jenshen, guruch va chilonjiyda solib tayyorlanadigan tovuq sho‘rvasini ham maqtab chiqdi.
Koreya markaziy televideniyesi esa jazirama paytida salomatlikka e’tibor berish, ko‘proq suv ichish, suzish va ochiq havoda mashq qilish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda. Shimoliy Koreya jazirama oqibatida vafot etganlar haqida ma’lumot bermagan. Qo‘shni Janubiy Koreyada esa issiqdan 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda 2-avgust kuni havo harorati 42,5 darajagacha ko‘tarilib, ob-havo kuzatuvlari boshlangan 1904-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi.

