Siyosat

Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga davlat tashrifi yakunlandi

Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga davlat tashrifi hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvidagi ishtiroki yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston rahbari va rafiqasini “Issiqko‘l” aeroportida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va rafiqasi kuzatib qo‘ygan.

Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar strategik sheriklikni chuqurlashtirish, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi, transport, suv-energetika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Shuningdek, Davlatlararo kengashni tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, davlat chegarasi, ijtimoiy himoya va pensiya ta’minoti, oliy ta’lim, fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishi, madaniyat, turizm hamda agrosanoat majmuasi sohalariga oid qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish, yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li infratuzilmasini rivojlantirish hamda Qambarota-1 GES qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyevga Qirg‘izistonning oliy davlat mukofoti — I darajali “Manas” ordeni topshirildi.

Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida qatnashib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, savdo va transport aloqalarini mustahkamlash, raqamli xizmatlar, ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, iqlim o‘zgarishi va gumanitar almashinuv masalalari bo‘yicha oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi.

Shuningdek, davlat rahbarlari Qirg‘izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubi, yangi besh yulduzli “Boku” mehmonxonasi hamda Issiqko‘lda suv-motor sporti bo‘yicha chempionatning ochilish marosimlarida ham ishtirok etdi.

diplomatic awardscentral asia summitstate visiteconomic partnershipuzbekistan-kyrgyzstan relationsinfrastructure projectsregional cooperationbilateral agreements