O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi
Cho‘lponotada O‘zbekiston – Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi.
Cho‘lponotadagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida tor doiradagi hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari hozirgi kunda har qachongidan ham yuqori darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakunida 1,2 milliard dollarga yetdi. 450 ta qo‘shma korxona tashkil etildi va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Taraqqiyot fondi samarali faoliyat yuritmoqda.
Shaharlar o‘rtasida 15 ta aviaqatnov va 5 ta avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa qator tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.
BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import o‘rnini faol bosish asosida o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.
Ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunda energetika, geologiya, muhim minerallar, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida yangi savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarining to‘plami qabul qilindi.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilandi. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihaning joriy holati yuzasidan fikr almashildi.
Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida mazkur temir yo‘l bo‘ylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sish nuqtalari ekani ta’kidlandi.
Bu borada joriy yil yakuniga qadar barcha viloyatlar ishtirokida birinchi Hududlar forumi o‘tkazilishi hamda ularning o‘zaro tashriflari jadvali tasdiqlanishi belgilab olindi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, ilm-fan va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Muzokaralar davomida Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibi bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga olgan axborotlari tinglandi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. Jumladan:

