Shavkat Mirziyoyev Issiqkoʻlda suv-motor sporti boʻyicha jahon chempionati ochilishida ishirok etdi

Shavkat Mirziyoyev Issiqkoʻlda suv-motor sporti boʻyicha jahon chempionatining ochilish marosimida qatnashdi.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi doirasida, Oʻzbekiston Prezidenti Issiqkoʻlda boʻlib oʻtgan suv-motor sporti boʻyicha Qirgʻiziston Gran-prisining tantanali ochilishida ishtirok etdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga sportchilarning saralash poygasini kuzatdi.
Ushbu Gran-pri Xalqaro suv-motor sporti ittifoqi homiyligida oʻtkazilayotgan, "suvdagi Formula-1" nomi bilan tanilgan F1H2O jahon chempionatining ikkinchi bosqichidir.
Musobaqalarda har yili turli mamlakatlardan professional jamoalar va sportchilar ishtirok etadi. Jahon chempionatining bu bosqichi Markaziy Osiyoda birinchi marta oʻtkazilmoqda.
Dasturga mashgʻulotlar, saralash bosqichi hamda soatiga 220 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlanuvchi tezyurar qayiqlardagi asosiy poyga kiritilgan.
Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini belgilab bergan edi.

