Saudiya, Pokiston va Turkiya qo‘shma mudofaa bitimi imzoladi

Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya 7-avgust kuni Makka shahrida qo‘shma mudofaa bitimini imzoladi. Reuters agentligining xabar berishicha, bu kelishuv Ko‘rfazdagi neft eksport qiluvchi mamlakatlarga raketa hujumlari uyushtirilayotgan bir paytda AQSHning sunniy ittifoqchilarini birlashtirdi.
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eron bilan urush boshlaganidan so‘ng, Eron va uning ittifoqchilari Saudiya Arabistoni hamda Ko‘rfazning boshqa davlatlariga hujum qilib, ularning energiya tashuvlarini to‘sib qo‘ymoqda.
Tomonlarning qo‘shma bayonotida aytilishicha, shartnoma har qanday tajovuzga qarshi birgalikda javob berishni kuchaytirishga qaratilgan. Hujjatga ko‘ra, uch mamlakatdan biriga qilingan qurolli hujum barchaga qilingan hujum deb baholanadi.
"Makka qo‘shma mudofaa bitimi" bo‘yicha har bir tomonning aniq majburiyatlari keltirilmagan. Ammo unda shartnoma jamoaviy xavfsizlikni mustahkamlash hamda mintaqada va undan tashqarida tinchlikni ta’minlashni maqsad qilgani aytilgan.
Turkiya rasmiylaridan birining so‘zlariga ko‘ra, "Bitim jamoaviy mudofaa bandini o‘z ichiga oladi. U faqat mudofaa xarakteriga ega va faqat mudofaa uchun o‘zaro yordamni nazarda tutadi".
Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, shartnoma muayyan bir davlatga qarshi qaratilmagan. U mintaqaning boshqa mamlakatlari uchun ochiq va amaldagi ikki yoki ko‘p tomonlama kelishuvlarni bekor qilmaydi.
Shunga qaramay, ushbu uch mamlakat Isroil hamda Eron shialarining tobora tajovuzkor harbiy harakatlaridan xavotirda. AQSH esa mintaqadagi ushbu tartibsizliklarni jilovlashga qiynalmoqda.
**Kuchli siyosiy ramz**
Saudiya Arabistonidagi Ko‘rfaz tadqiqot markazi rahbari Abdulaziz Sagerning ta’kidlashicha, "Ushbu sammitning siyosiy ahamiyati juda yuqori. Musulmon dunyosining eng nufuzli uchta davlati murakkab pallada yig‘ildi. Bu mintaqaviy kuchlarning xavfsizlik masalalarida yanada yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ko‘rsatadi".
Uning qo‘shimcha qilishicha, agar bu uch tomonlama format doimiy hamkorlikka aylansa, uch mamlakatning diplomatik va mudofaa qudratini oshiradi. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik tizimini shakllantirishga hissa qo‘shadi.
Ma’lumot uchun, Turkiya NATOdagi ikkinchi eng yirik armiyaga ega. Saudiya Arabistoni Ko‘rfazning eng qudratli davlati, islomning muqaddas qadamjolari joylashgan hudud va dunyodagi yetakchi neft eksportchilaridan biridir. Pokiston esa yadro quroliga ega bo‘lgan yagona musulmon mamlakat hisoblanadi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni kutib olishdan oldin Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va armiya rahbari Osim Munir Makkada umra amallarini bajardi.
So‘ngra ular Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi. 28-fevralda urush boshlanganidan beri Saudiya Arabistoni Eron, Yamandagi husiylar va Iroqdagi shia guruhlari tomonidan bir necha bor hujumga uchradi.

