Siyosat

Eron AQSH yana hujum qilsa, Fors ko‘rfazi davlatlariga zarba berish bilan tahdid qildi

Eron AQSHning navbatdagi hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Fors ko‘rfazi mamlakatlariga zarba berish bilan tahdid qildi.

Reuters agentligining beshta manbaga tayanib xabar berishicha, Eron agar AQSH uning hududiga yana hujum qilsa, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi muhim energetika obyektlariga javob zarbasi berishidan ogohlantirgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp 28-iyul kuni Eronning energetika tarmog‘i va infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qilganidan so‘ng, Eron yuqori darajadagi diplomatik aloqalarni keskin kuchaytirdi.

Manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar tashqi ishlar vazirlari hamda Pokiston armiyasi qo‘mondoni bilan muzokara o‘tkazgan. Aroqchi Fors ko‘rfazi mamlakatlarini Trampga ta’sir o‘tkazishga va uni hujumdan qaytarishga chaqirgan. U har qanday hujum AQSH aktivlariga hamda Ko‘rfazdagi energetika obyektlariga javob zarbasiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan.

Eron pozitsiyasini tushuntirgan diplomat shunday degan: “Biz javob berishga tayyormiz. Ammo diplomatik yechim topish — mintaqada urush va vayronagarchilikning oldini olishning eng yaxshi yo‘lidir”.

Ushbu ogohlantirish Fors ko‘rfazining barcha davlatlariga qaratilgan bo‘lib, asosan Saudiya Arabistoni va Qatar orqali yetkazilgan. Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Tramp bilan gaplashib, harbiy harakatlarni ortga surishni va muzokaralarga qaytishni so‘ragan. 2-avgust kuni Tramp Eron bilan tezda kelishuvga erishish sharti bilan hujumni bekor qilishga rozi bo‘lganini bildirdi.

**Keng ko‘lamli urush xavfi**

Saudiya Arabistoni keyingi eskalatsiya faqatgina ko‘proq vayronagarchilik olib keladi, deb hisoblamoqda. Shu sababli mamlakat Trampni diplomatiyaga imkon berishga undadi. Shu bilan birga, Ar-Riyod o‘z hududiga qilingan har qanday hujumga harbiy javob berilishini ta’kidladi.

Eron rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, yangi hujum bo‘lsa, Ko‘rfazdagi energetika obyektlari, neftni qayta ishlash zavodlari, elektr va suv tarmoqlari, transport tizimlari hamda neft konlariga zarba beriladi.

Eron rasmiysi shunday degan: “Dushman Eron infratuzilmasiga tahdid qilishda davom etmoqda. Agar Eron zarar ko‘rsa, buning evaziga juda katta zarar yetkazadi. Ular 2019-yilda Saudiya Arabistonining Aramco obyektlariga qilingan hujumni hali ham eslashadi”.

Eron rahbariyati, shuningdek, AQSHning Ko‘rfazdagi harbiy bazalarini yopishni va bu davlatlardan Vashington bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

Eron rasmiysiga ko‘ra, endi Tramp ikkita qiyin tanlov yo‘lida turibdi: butun mintaqani urushga tortish va dunyo energiya ta’minotini izdan chiqarish yoki Vashington xohlagan mutlaq g‘alabadan pastroq bo‘lgan diplomatik kelishuvga rozi bo‘lish.

Eronlik rasmiy shunday deydi: “Biroq kelishuv yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri AQSHning Eronni g‘olib sifatida tan olishni xohlamayotganidir. Vashington o‘zi uchun g‘alaba isboti bo‘la oladigan natijani qo‘lga kiritmoqchi”.

Avvalroq Eron qo‘shni davlatlarni AQSHning “himoya qalqoni”ga aylanish oqibatidan ogohlantirgan edi.

urusheronaqshenergetikadiplomatiyasaudiya arabistonifors ko‘rfazitahdid