Sarguzasht, triller va mistika: tomosha qilishga arziydigan 5 serial

Sarguzasht, triller va mistika: tomosha qilishga arziydigan 5 serial
So‘nggi paytlarda ko‘plab yangi seriallar ekran yuzini ko‘rmoqda, biroq ularning barchasi ham tomoshabin e’tiboriga loyiq emas. Quyida syujeti, aktyorlar tarkibi va janri bilan ajralib turadigan beshta yangi serialni tavsiya qilamiz.
**“Laki”**
**Janri:** triller, drama, kriminal
Foto: Serialdan kadr
Sobiq firibgar Laki kutilmagan vaziyat sabab yana jinoyat olamiga qaytishga majbur bo‘ladi. So‘nggi yirik o‘g‘irlikdan keyin yangi hayot boshlashni rejalashtirgan qahramonning rejasi barbod bo‘ladi. Endi uni bir vaqtning o‘zida ham FQB, ham xavfli jinoyatchilar ta’qib qiladi.
Serial ko‘plab ta’qiblar, kutilmagan burilishlar va keskin voqealarga boy. Bosh rollarni Anya Teylor-Joy, Timoti Olifant, Annett Bening va Dryu Starki ijro etgan. Loyiha Marissa Steyplining shu nomli bestselleri asosida suratga olingan.
**“Dashtdagi kichkina uy”**
**Janri:** drama, melodrama, oilaviy, vestern
Foto: Serialdan kadr
Ingliz oila Viskonsin o‘rmonlarini tark etib, dashtga ko‘chib o‘tadi. Oila boshlig‘i Charlz va uning rafiqasi Karolina yangi hayot qurishga urinarkan voqealar asosan ularning qizlari Meri va Loraning nigohi orqali hikoya qilinadi.
Serial oilaviy qadriyatlar, sarguzasht va tarixiy voqealarni uyg‘unlashtirgan bo‘lib, ortiqcha zo‘ravonliksiz iliq muhit yaratadi.
**“Vestis”**
**Janri:** drama, kriminal, triller
Foto: Serialdan kadr
1980-yillar. Nyu Yorkda qurilish ishlari boshlanishi bilan irlandiyalik “Vestis” jinoiy guruhi hududni o‘z nazoratida saqlab qolishga urinadi. Biroq ichki nizolar va italyan mafiyasi bilan qarama-qarshilik vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Real voqealarga asoslangan serial “Narko” va “Garlem cho‘qintirgan otasi” seriallari ustida ishlagan Kris Brankato hamda rejissyor Alan Teylor ishtirokida suratga olingan. Aktyorlar tarkibida J. K. Simmons ham bor.
**“Parchalar”**
**Janri:** triller, drama, detektiv, dahshat
Foto: Serialdan kadr
1981-yil, Los Anjeles. Nufuzli maktabda tahsil olayotgan o‘smirlarning hayoti yangi o‘quvchi kelishi bilan o‘zgaradi. Ayni paytda shaharda sirli qotilliklar boshlanadi va bosh qahramon yangi sinfdoshini asosiy gumondor deb hisoblaydi.
“Amerikacha dahshat tarixi” va “Monstrlar” seriallari muallifi Rayan Myorfi suratga olgan loyiha 1980-yillar uslubidagi vizual yechimlari va keskin syujeti bilan e’tiborni tortadi.
**“Tongun saroyi”**
**Janri:** fentezi, drama, detektiv, triller
Foto: Serialdan kadr
Choson qirollik oilasida yana sirli o‘limlar boshlanadi. So‘nggi valiahdni saqlab qolish uchun saroyga ruhlar olamiga kira oladigan yosh shaman olib kelinadi. Unga arvohlarni eshita oladigan surgundagi malika yordamchi etib tayinlanadi.
Qahramonlar saroy sirlarini ochishga urinarkan nafaqat yovuz ruhlar, balki xavfli fitnalar bilan ham yuzma-yuz keladi. Koreya mifologiyasi va mistik voqealarni uyg‘unlashtirgan ushbu miniserial sakkiz qismdan iborat.

