Sport

Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasining yangi rahbari saylanadi

FIDE prezidentligi uchun Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov, germaniyalik tadbirkor Yan Xenrik Byuttner va Germaniyaning “WR Chess” shaxmat jamoasi asoschisi Vadim Rozenshteyn kurash olib boradi.

Samarqandda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) yangi rahbarini saylash jarayoni 26-27 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Bu saylov FIDE Bosh Assambleyasi doirasida tashkil etiladi, unda dunyoning 200 ga yaqin milliy shaxmat federatsiyalari vakillari ishtirok etadi.

Ushbu muhim voqea 15-27 sentabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi va navbatdagi FIDE Kongressining asosiy qismi hisoblanadi. Ikki hafta davomida Samarqand minglab sportchilar, rasmiy shaxslar va milliy federatsiyalar vakillarini qabul qilib, jahon shaxmatining markaziga aylanadi.

2018-yildan beri federatsiyani boshqarib kelayotgan va 2022-yilda qayta saylangan FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich iyul oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilganidan so‘ng o‘z vakolatlarini vaqtincha to‘xtatgan edi. Hozirda prezident vazifasini FIDE rahbari o‘rinbosari, besh karra jahon chempioni, hindistonlik shaxmatchi Vishvanatan Anand bajarmoqda.

Ayni paytda prezidentlik lavozimiga uch nafar nomzod ro‘yxatga olingan: Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov (vitse-prezidentlikka nomzod – Vishvanatan Anand), germaniyalik tadbirkor Yan Xenrik Byuttner (britaniyalik shaxmat arbobi Malkolm Peyn) va Germaniyaning “WR Chess” shaxmat jamoasi asoschisi Vadim Rozenshteyn (singapurlik tadbirkor Gordon Tan).

FIDE nizomiga ko‘ra, prezidentni milliy shaxmat federatsiyalaridan tashkil topgan Bosh Assambleya saylaydi. Har bir federatsiya bitta ovozga ega bo‘lib, ovoz berish yashirin tarzda o‘tkaziladi va eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod g‘olib deb topiladi.

samarqandworld chess olympiadarkadiy dvorkovichcandidatesfide president electionchess federationsviswanathan anandchess politics